Harbiy qismda o‘tkazilgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirda dolzarb mavzu bo‘yicha fikrlar almashildi

2

Harbiy xizmatchilarning ma’naviy-ma’rifiy saviyasini oshirish, ularga mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar, qabul qilinayotgan yangi qonun hujjatlari, davlat dasturlarining mazmun va mohiyatini yetkazish, dunyoda va yon-atrofimizda sodir bo‘layotgan globallashuv jarayonlariga nisbatan ongli munosabat va faol hayotiy pozitsiyani shakllantirish, burchga sadoqat, mas’uliyat, fidoyilik tuyg‘ularini oshirish maqsadida Havo hujumidan mudofaa qo‘shinlari va Harbiy havo kuchlari qo‘mondonligi shaxsiy tarkibi bilan “Klassik va zamonaviy geosiyosiy jarayonlar haqida tushunchalar” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.

Unga O‘zbekiston Respublikasi Strategik tahlil va istiqbolni belgilash oliy maktabi o‘quv dasturi boshlig‘i Bahrom Xo‘janov taklif qilindi.

Tadbir dunyo va mintaqadagi harbiy-siyosiy vaziyat to‘g‘risidagi tezkor axborot yetkazish bilan boshlandi. Shundan so‘ng so‘zga chiqqan Bahrom Xo‘janov geosiyosat to‘g‘risida asosiy tushunchalar, geosiyosat fan sifatida yaratilish tarixi, qonuniyatlar, zamonaviy munosabatlar, ularning klassifikatsiyasi, turlari va ko‘rinishlari to‘g‘risida gapirdi.

Mashg‘ulot qiziqarli va zamonaviy pedagogik usullardan foydalangan holda o‘tkazildi hamda savol-javoblarga boy bo‘ldi. Harbiy xizmatchilar savollariga ma’ruzachi tomonidan batafsil tushuntirishlar berildi. Tadbir o‘zining dolzarbligi bilan ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti