O‘zbekistonlik harbiy oshpazlar uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi

2

O‘zbek milliy taomlari dovrug‘i butun dunyoga ketgan. Beshinchi xalqaro armiya o‘yinlarining “Dala oshxonasi” musobaqasida ishtirok etgan harbiy oshpazlarimiz ham ushbu nomga munosib bo‘lishdi. Bir-biridan murakkab bo‘lgan ko‘plab shartlar yakuniga ko‘ra, vakillarimiz faxrli uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.

Murakkab deganimiz shundaki, oshpazga taom tayyorlashi uchun barcha masalliq va sharoitni muhayyo etasiz, ammo unga o‘z yurtining havosi, quyoshi-yu, atmosferasini yaratib berolmaysiz. Aslida mazkur nufuzli musobaqaning har bir shartida ishtirok etayotgan jamoalarga yuqoridagi o‘xshatmamizni qo‘llashimiz mumkin. Lekin yurtdoshlarimiz o‘zlarining har qanday vaziyatga bo‘lgan munosabatini ijobiy tomondan ko‘rsata olyapti.

Vakillarimiz so‘nggi shartda non pishirish bo‘yicha o‘z mahoratlarini namoyish etishdi. Ular tayyorlagan rizq-ro‘zimiz ramzi bo‘lmish nonlar hakamlar hay’ati tomonidan munosib baholandi.

Shunday qilib, “Dala oshxonasi” musobaqasida 3-o‘rinni qo‘lga kiritgan yurtdoshlarimizni musobaqa ishtirokchilari va mehmonlar uzoq muddat eslaridan chiqarmaydigan bo‘ldi. Chunki ular tomonidan tayyorlanib, dasturxonlarga tortiq etilgan taomlar ta’mi uncha-muncha odamning yodidan ko‘tarilmaydi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti