O‘rnak tumanidagi harbiy qismda 5 tashabbus ijrosi ta’minlandi

2

Kecha, 13 avgust kuni Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug Nukus garnizoni harbiy qismlaridan birida davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbus ijrosini ta’minlash doirasida yangi mini futbol maydonchasi va tadbirkor ayol Gulshod Isakova rahbarligidagi “Bekajon” tikuv sexining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Unda Mudofaa vazirligi mas’ul ofitserlari va okrug qo‘mondonligi, tuman hokimiyat vakillari va Qurolli Kuchlar faxriylari ishtirok etdi.

Marosimdan so‘z olgan mehmonlar harbiy shaharchada istiqomat qilayotgan harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolarini yangilik bilan qutlashdi. Marosimda muddatli harbiy xizmatchilar tomonidan qo‘l jangi elementlari namoyish etildi. Jajji bolakaylar tomonidan tayyorlangan liboslar namoyishi hamda ajoyib kuy va qo‘shiqlar mehmonlar olqishiga sazovor bo‘ldi.

Mini futbol maydonchasining barpo etilishi ayniqsa, futbolga qiziqishi bo‘lgan yoshlarni quvontirdi. Tikuvchilik sexi 3 nafar harbiy xizmatchining oilasini ish bilan ta’minladi. Harbiy shaharchada maktabgacha ta’lim muassasasining barpo etilganiga hali uncha ko‘p vaqt bo‘lmasdan, galdagi o‘zgarishlar harbiylarning oilalariga zavq ulashdi.

Mudofaa vazirligidan tashrif buyurgan mas’ul ofitserlar marosim so‘nggida harbiy shaharchada istiqomat qilayotgan harbiylarning oilalari sharoiti bilan yaqindan tanishib, mavjud muammolar o‘rganildi.

Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug matbuot xizmati