ArMI – 2019. O‘zbekiston Mudofaa vazirligi “Tank biatloni” jamoasi finalda!

38

Bugun, 13-avgust kuni, Moskva viloyatida joylashgan Alabino dala-o‘quv maydonida Xalqaro armiya o‘yinlarining “Tank biatloni” yo‘nalishi bo‘yicha yarim final bahslari o‘z nihoyasiga etdi. Unda ishtirok etgan vakillarimiz eng yaxshi natijani qayd etib, finalga yo‘l oldi.

Qizg‘in va shiddatli bahslarga boy bo‘lgan chorak final bahslarida ham yurtimiz sharafini himoya qilayotgan harbiy xizmatchilar barcha to‘siqlardan muvaffaqiyatli o‘tib, eng yaxshi natijani ko‘rsatgan edi.

Bugungi bahsda jamoalarning har uchala ekipaj a’zolari katta maydonga tushib, estafeda shartini bajarishdi. Shart davomida ular to‘siqlardan talofatsiz o‘tish, belgilangan nishonlarni yo‘q qilish va imkon qadar qisqa vaqt ichida finish chizig‘ini bosib o‘tishi kerak edi. Yurtdoshlarimiz T-72 B-3 tankini mahorat bilan boshqarib, barcha ishtirokchi jamoalar ichida eng yaxshi natijani qayd etishdi. Vakillarimiz jami 2 soatu 37 soniyada marraga birinchi bo‘lib etib keldi. Bu vaqt ichida 10 ta nishon yakson qilindi.

Taqqoslash uchun aytish mumkinki, biz bilan finalda kuch sinashadigan Ve’tnam jamoasi 2 soat 44 daqiqayu 28 soniya, Kuba 2 soat 44 daqiqayu 36 soniya, Uganda esa 3 soat 2 daqiqayu 39 soniya ko‘rsatkich bilan finalga yo‘l olgan.

Endi yana bir muhim ma’lumotga e’tiboringizni qaratmoqchimiz. Ma’lumki, “Tank biatloni” musobaqasi 2 guruhda o‘tkazilayotgan bo‘lib, vakillarimiz unda ikkinchi guruhdagi jamoalar bilan bahsga kirishgan. Bunda har bir guruhdan alohida g‘olib va sovrindorlar nomi aniqlanadi. Yurtimiz sharafini himoya qilayotgan harbiy xizmatchilarimizning natijalarini birinchi guruhda ishtirok etib, finalga yo‘l olgan jamoalar ko‘rsatkichiga taqqoslaydigan bo‘lsak, vakillarimiz har ikkala guruhdan musobaqaning final bosqichiga yo‘l olgan davlat vakillari ichida 5-o‘rinni qayd etmoqda.

Har ikkala guruhning jami 25 ishtirokchi davlati jamoasiga taqqoslaganimizda esa O‘zbekiston umumiy 6-o‘rinda bormoqda. Bu hali yakuniy natija emas. Mohir tankchilarimiz ballar hisobida armiya o‘yinlari tashkil etilganidan beri mazkur yo‘nalishda ishtirok etib kelayotgan, Xitoy jamoasini ham ortda qoldirib ketishdi! Bu, albatta, mazkur musobaqada ilk bor qatnashayotgan jamoamiz uchun katta va faxrlanishga arzigulik natija.

Eslatib o‘tamiz, “Tank biatloni” musobaqasining final bahsi 15-avgust kuni bo‘lib o‘tadi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti