Nukusda sayyor qabul: 150 nafarga yaqin harbiy oilasining murojaati ko‘rib chiqildi

43

Bugun, 13 avgust kuni Mudofaa vaziri tomonidan tasdiqlangan rejaga ko‘ra, Nukus shahrida joylashgan Yosh tomoshabinlar teatrida vazirlik mas’ul mansabdor shaxslari ishtirokida sayyor qabul o‘tkazildi.

Harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolari hamda harbiy pensionerlar, fuqarolarning muammolari, talab, taklif va ehtiyojlarini o‘rganish, ularga amaliy ko‘mak berish maqsadida uyushtirilgan sayyor qabul davomida 146 ta murojaat ko‘rib chiqildi. 97 ta murojaat qabul davomida ijobiy hal etilib, 49 ta murojaatga ko‘rib chiqish va hal etish masalasi qo‘yildi.

Serjant Elmurod Sharipovning onasi Jumagul Bulsakova o‘g‘liga Nukus shahridan uy berilishi masalasida mas’ul mansabdorlarga murojaat etgandi, 2020 yilda uch xonali uy bilan ta’minlanadigan bo‘ldi. Katta serjant Bahodir Mamutov bir necha yillardan buyon oilasidan uzoqda Farg‘ona viloyatining So‘x tumanida xizmat qilib kelayotgandi. Turmush o‘rtog‘i Sayatxon Xutimovaning murjaati inobatga olinib, serjant B.Mamutovning xizmat joyi Nukus shahriga ko‘chiriladigan bo‘ldi.

– Men, Guliston davlat universitetini tamomlaganman, – deydi serjant Sanjar Mamatkulov. – Tarbiyaviy ishlar yo‘nalishida harbiy xizmatni davom ettirish niyatida ekanimni va navbatdagi harbiy unvonni olishim bo‘yicha murojaat etganimda, murojaatim ijobiy hal etildi.

Eslatib o‘tamiz, 14 avgust kuni Ustyurt Gaz-kimyo majmuasi binosi va Taxiatosh tuman hokimligi binosida, 15 avgust kuni esa Xorazm tibbiyot instituti binosida sayyor qabullar o‘tkaziladi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti