O‘zbekistonlik harbiy oshpazlar yarim finalda bellashmoqda

2

Beshinchi xalqaro armiya o‘yinlarining “Dala oshxonasi” musobaqasida ishtirok etayotgan harbiy oshpazlarimiz musobaqaning so‘nggi bosqichida o‘z mahoratlarini namoyish etmoqda. Vakillarimiz oxirgi bosqichning birinchi turida «Dala oshxonasi» musobaqasi nizomida belgilangan ikkitadan birinchi va ikkinchi taomlar, sharbat va desert tayyorlash shartlarini bajarishdi.

Mazkur bosqichda ham hamyurtlarimiz g‘alaba uchun suv va havodek zarur bo‘lgan kerakli ballarni to‘plashning uddasidan chiqa oldi. Bu, albatta, qo‘li shirin harbiy oshpazlarimizning o‘z kasbining qanchalik ustasi ekanligidan dalolat.

O‘zbekistonlik harbiy xizmatchilar tayyorlagan taom, sharbat va shirinlik hakamlar hay’ati tomonidan munosib baholandi. Yurtimiz sharafini himoya qilayotgan harbiylarimiz ballar hisobida hozircha 4-o‘rinda ketmoqda.

Bahslarni yettinchi qatorda joylashgan dala oshxonasida olib borayotgan vakillarimiz bugun eng so‘nggi shart – non pishirish borasida qanchalik mahorat egasi ekanliklarini ko‘rsatadi. Shu bilan «Dala oshxonasi» musobaqasi ham o‘z nihoyasiga yetadi. Yurtdoshlarimizga so‘nggi shartda ham omad yor bo‘lishini tilab qolamiz.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti