Eng saralar g‘olib bo‘ldi

3

Termizda Mudofaa vazirligi tizimidagi harbiy qism komandirlarining ma’naviyat va ma’rifat ishlari bo‘yicha maslahatchisi – madaniyat markazi boshliqlari o‘rtasida o‘tkazilayotgan “Eng ilg‘or madaniyat markazi boshlig‘i” tanlovining Janubi-G‘arbiy maxsus harbiy okrugi bosqichi bo‘lib o‘tdi.

Qashqadaryo, Buxoro va Surxondaryo viloyatlaridagi harbiy qismlar komandirining ma’naviyat va ma’rifat ishlari bo‘yicha maslahatchisi –madaniyat markazi boshliqlari ishtirok etgan tanlovda keyingi yillarda mamlakatimiz Qurolli Kuchlari tizimida harbiylarning ma’naviyatini yanada yuksaltirish, bo‘sh vaqtlarida maroqli madaniy hordiq chiqarishini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar harbiy qismlarda ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar samaradorligini oshirayotgani alohida ta’kidlandi.

Mazkur tanlov ham ana shunday ulug‘ maqsadlarga yo‘naltirilib, eng ilg‘or madaniyat markazi boshliqlari xizmatini munosib rag‘batlantirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Tanlovda ishtirokchilar bilimi va kasbiy mahorati, harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolarini Vatanga muhabbat, yurtga sadoqat, milliy va Qurolli Kuchlarning konseptual g‘oyasi asosida tarbiyalash bo‘yicha amalga oshirayotgan ishlari va bu boradagi vazifalarni o‘zlashtirish darajasi, shuningdek, internet yordamida berilgan mavzu bo‘yicha ma’lumotlar bazasini shakllantirish, o‘tkaziladigan tadbirlar reja va ssenariysini tuzish qobiliyati sinovdan o‘tkazildi. Test savollari bilan sohaga oid bilim darajasi aniqlandi. Madaniyat markazida tashkil etilgan badiy-havaskorlik guruhlari va to‘garaklar soni hamda ular faoliyatining tizimli yo‘lga qo‘yilganlik holati, bajargan ishlari bo‘yicha hisobotlari, o‘tkazgan tadbirlarining fotoalbomlar jamlanmasi munosib baholandi.

Surxondaryo viloyatidagi Kakaydi garnizoni harbiy qism komandirining ma’naviyat va ma’rifat ishlari bo‘yicha maslahatchisi –madaniyat markazi boshlig‘i K.Islomov faxrli birinchi o‘rinni egallab, tanlovning Mudofaa vazirligi bosqichida ishtirok etish huquqiga ega bo‘ldi. Ikkinchi o‘rinni Qashqadaryo viloyatidagi Muborak garnizoni harbiy qism komandirining ma’naviyat va ma’rifat ishlari bo‘yicha maslahatchisi – madaniyat markazi boshlig‘i A.To‘rayev, uchinchi o‘rinni Surxondaryo viloyati Hayrabot garnizoni harbiy qism komandirining ma’naviyat va ma’rifat ishlari bo‘yicha maslahatchisi –madaniyat markazi boshlig‘i E.To‘rayev egalladi.

UzA