“Men g‘olib” tanlovining harbiy okrug bosqichiga start berildi

4

Termiz shahridagi «Alpomish» o‘yingohida «Men g‘olib» shiori ostida o‘tayotgan «Eng ilg‘or mutaxassis» ko‘rik-tanlovining Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug bosqichiga tantanali ravishda start berildi. E’tiborli jihati Mudofaa vazirligi miqyosida har yili an’anaviy tarzda o‘tkazilib kelinayotgan musobaqaga ilk bor keng jamoatchilik jalb etildi.

Tadbirning rasmiy qismini ochib berganlar – Surxondaryo viloyati hokimining o‘rinbosari Ro‘zimurod Choriyev, Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondonining o‘rinbosarlari polkovniklar Qodir Tursunov va Jamshid Karimov hamda boshqalar ushbu tanlovning harbiy xizmat nufuzini yanada oshirish, harbiy xizmatchilarning kasbiy mahoratini mustahkamlash va yetuk mutaxassislarni saralab olishda muhim ahamiyatga ega ekanligini ta’kidladilar.

O‘yingohda harbiy xizmatchilarning badiiy va ko‘rgazmali chiqishlari, rang-barang konsert dasturi Vatan himoyachilari va ularning oila a’zolari, o‘quvchi-yoshlarga bayramona kayfiyat bag‘ishladi.

Shundan so‘ng tanlov ishtirokchilari bahsga kirishdilar. 100 va 3000 metrga yugurish, o‘q otar qurolni noto‘liq qismlarga ajratish va yig‘ish, avtomobil texnikalarining dvigatellarini xizmat ko‘rsatishga tayyorlash, ularga akkumulyator ulash kabi shartlarni bajardilar.

Har bir shartni ko‘p sonli tomoshabinlar oldida amalga oshirilishi tanlovga yanada shiddat, uning ishtirokchilariga esa qo‘shimcha mas’uliyat bag‘ishladi. Jami 10dan ortiq yo‘nalish, 7 shartdan iborat ko‘rik-tanlovning navbatdagi bahslari poligon sharoitida davom ettiriladi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti