Armiya va xalq yakdilligi yanada mustahkamlanmoqda

55

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 8-iyul kungi “O‘zbekiston Respublikasi Davlat mustaqilligining yigirma sakkiz yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazish to‘g‘risida”gi Qarori hamda O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining tegishli buyruq va ko‘rsatmalariga asosan, Kattaqo‘rg‘on garnizonidagi artilleriyachilar harbiy qismi targ‘ibot guruhi tomonidan Kattaqo‘rg‘on shahridagi 6-sonli maktabgacha ta’lim muassasida “Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon” shiori ostida madaniy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.

Tadbir davomida tarbiyalanuvchilar ishtirokida “Mening Vatanim!” mavzusida rasm chizish tanlovi o‘tkazildi va ularning Vatan to‘g‘risidagi she’rlari tinglandi.

Shuningdek, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Kattaqo‘rg‘on shahar kengashi bilan hamkorlikda 11-umumta’lim maktabi direktori, deputat O.Salimova va “Xalq demokratik partiyasi” Kattaqo‘rg‘on shahar kengashi raisi S.Rajabovlar ishtirokida harbiy qism shaxsiy tarkibi bilan “Mamlakatimizda olib borilayotgan ijtimoiy islohatlar va ularning ahamiyati” mavzusida ma’naviyat soati tashkil etildi.

Shu bilan birga harbiy qism qo‘mondonligi tomonidan mustaqilligimizning yigirma sakkiz yilligi munosabati bilan xizmat vazifasini bajarish chog‘ida qahramonlarcha halok bo‘lgan harbiy xizmatchilarning oila a’zolari holidan xabar olish, kam ta’minlangan oilalarga yordam berish maqsadida bir qator tadbirlar o‘tkazilib, ularga ham ma’naviy, ham moddiy ko‘mak berilmoqda.

Harbiy qism tomonidan “Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon” shiori ostida tashkillashtirilgan gala konsertda ishtirok etgan iqtidorli va faol yoshlar, harbiy xizmatchilarning oila a’zolari, qahramonlarning ota-onalari va boshqalar bu kabi tadbirlar orqali armiya va xalq yakdilligi yanada mustahkamlanayotganini alohida ta’kidlashdi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti