“ArMI — 2019”: O‘zbekistonlik muhandis-sapyorlar ham uchinchi o‘rinni egalladi (foto+video)

52

Kecha, 11-avgust kuni beshinchi bor o‘tkazilayotgan Xalqaro armiya o‘yinlarining “Xavfsiz marshrut” yo‘nalishi yakuniga yetdi. Unda o‘zbekistonlik harbiylar kuchli uchlikdan o‘rin egalladi.

Rossiya Federatsiyasining Tyumen viloyatida joylashgan dala-o‘quv maydonida bo‘lib o‘tgan yarim final bahsida kurash olib borgan o‘zbekistonlik harbiylar xalqaro musobaqaning birinchi kunidan marrani qo‘ldan boy bermaslikka harakat qildi.

Harbiy musobaqa shart-sharoitlari jang holatiga maksimal yaqin bo‘lishi uchun 6000 metrga yaqin bellashuv yo‘lagiga 250 dan ziyod imitatsion, signal va portlovchi-yonuvchi zaryadlardan iborat elektroportlovchi tarmoq yotqizib chiqilgan edi. Musobaqaga yanada shiddat va keskinlik olib kirish uchun Su-24 front bombardimonchisi va Mi-8 transport-jangari vertolyotlarining shartli aviazarbalari bilan bellashuv boshlandi. Belarus, Vetnam, O‘zbekiston hamda Rossiya Federatsiyasi jamoalari o‘rtasida o‘tkazilgan final bosqichi qizg‘in bahslarga boy kechdi.

Xususan, vertolyot maketidan desantlashtirilgan holatida tushish, osma ko‘prik va setkali devor to‘siqlaridan o‘tish, binoni portlatib, ishg‘ol qilish, sim to‘siqli mina maydonini tozalash hamda suvli to‘siqlardan o‘tish shartlarida o‘zbek muhandis-sapyorlari peshqadamlik qildi.

Yurtdoshlarimizning uzunligi 30 va 6 metr bo‘lgan hududni minalardan tozalash, uzunligi 40 metr bo‘lgan suv havzasiga TMM-3 (og‘ir mexenizatsiyalashgan ko‘prik) texnikalari yordamida ko‘prik o‘rnatib, shaxsiy tarkibga yo‘l ochish shartlaridagi aniq harakatlari tomoshabinlar olqishiga sazovar bo‘ldi. BAT-2 yo‘l quruvchi va IMR-2 to‘siqlardan o‘tish muhandislik texnikasi yordamida berilgan shartlarni to‘laqonli bajarishga harakat qilishdi.

Yakuniy natijalarga ko‘ra, jamoamiz mazkur musobaqada uchinchi o‘ringa loyiq deb topildi. Rossiya Federatsiyasi birinchi, Belrus Respublikasiga esa ikkinchi o‘rin nasib etdi.

Quvonarlisi, mazkur musobaqa davomida BAT-2 yo‘l quruvchi muhandislik texnikasi ekipaji a’zolari – mexanik-haydovchi, shartnoma bo‘yicha harbiy xizmat oddiy askari Shavqiddin Narzullayev va BAT-2 yo‘l quruvchi muhandislik texnikasi hisobi, kichik serjant Feruz Guchchiyev “ArMI-2019” xalqaro armiya o‘yinlarining “Xavfsiz marshrut” musobaqasida “Eng ilg‘or BAT-2 ekipaji” nominatsiyasi g‘olibi deya e’tirof etildi.

Eslatib o‘tamiz, III va IV Xalqaro armiya o‘yinlarining “Xavfsiz marshrut” musobaqalarida ham hamyurtlarimiz 3-o‘rinlarni qo‘lga kiritgan edi.