ArMI – 2019. Madaniyat festivalida o‘zbek kuy-qo‘shiqlari yangradi

16

Beshinchi xalqaro armiya o‘yinlarida ishtirokchi davlatlar nafaqat harbiy, balki madaniy-ma’rifiy, ma’naviy-ijtimoiy yo‘nalishlarda ham o‘z iste’dodlarini namoyish etmoqda.

“Patriot” parkida bo‘lib o‘tgan festival bunga yaqqol misol bo‘la oladi. Unda turli xalq va millatlarning musiqali chiqishlari tomoshabinlar tomonidan qizg‘in kutib olinib, millatlar totuvligiga xizmat qilayotir.

Mazkur festivalda mamlakatimiz sharafini himoya qilayotgan san’at ustalari ham hakamlar hay’ati va ko‘p sonli tomoshabinlar tomonidan iliq kutib olinib, ular olqishiga sazovor bo‘ldi. Sahnada o‘zbek milliy kuy va qo‘shiqlarini mahorat bilan ijro etgan vakillarimiz ayniqsa, mezbon va mehmon yurt ishtirokchilarida katta qiziqish uyg‘otdi.

O‘zbek xalqi azaldan o‘zining boy madaniy merosi bilan dunyo tamadduniga katta hissa qo‘shib kelgan. Ushbu festivalning fayzida ham, albatta, yurtdoshlarimizning hissasi kattadir. Bu shubhasiz o‘zbek xalqining tarixi ming yilliklardan so‘ralishiga dalildir.

– Biz bu yilgi xalqaro armiya o‘yinlarining “REMBAT” musobaqasida ishtirok etib, faxrli 2-o‘rinni qo‘lga kiritdik va Alabino dala-o‘quv maydonida birinchilik sari kurashayotgan yurtdoshlarimizni bir kunga bo‘lsa-da qo‘llab-quvvatlash uchun yetib keldik, – deydi shartnoma bo‘yicha harbiy xizmatchi, oddiy askar Shohrux Hakimov. – “Patriot” parkidagi festivalga tashrif buyurib, dunyo arenalarida yangrayotgan o‘zbek kuy-qo‘shiqlarini tinglab, ko‘nglimiz faxrga to‘ldi. To‘g‘risi, bu boshqacha ta’sir etarkan odamga. Yurtimiz sharafini himoya qilayotgan boshqa jamoadoshlarimizga ham omad yor bo‘lishini tilaymiz.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti