Jamoatchilik kengashi Sirdaryoda

0
4894

Xalq va armiya – bir tanu bir jon. Bu gʻoya bugun hayotda toʻla-toʻkis oʻz ifodasini topmoqda. Oliy harbiy taʼlim muassasalari, harbiy qismlar va obyektlar xalqimiz uchun oʻz eshiklarini keng ochyapti.

Albatta, bu ezgu tashabbusning hayotga tadbiq etilishida Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashining alohida oʻrni bor. Kengash aʼzolari Mudofaa sohasida olib borilayotgan islohotlar, harbiy xizmatchilarga yaratilayotgan sharoit va imkoniyatlardan kelib chiqqan holda vazirlik faoliyatining ochiq-oshkoroligini taʼminlash, harbiy qismlarda sogʻlom maʼnaviy-ruhiy muhit, yuksak axloq va madaniyat saqlanishini taʼminlash boʻyicha oʻz tavsiyalarini berib kelmoqda.

Kengashning bir guruh aʼzolari bu safar Sirdaryo viloyatida joylashgan Mudofaa vazirligi Havo hujumidan mudofaa va Harbiy havo kuchlari qoʻmondonligiga qarashli harbiy qismga tashrif buyurib, harbiy xizmatchilar va ularning oilalari uchun yaratilgan shart-sharoitlar, xususan, ularning yashash tarzi bilan yaqindan tanishdi. Yigitlik burchini oʻtayotgan muddatli harbiy xizmatchilar bilan ochiq muloqot qildi.

— Bugun milliy armiyamiz chinakam mardlar maktabiga aylandi, – deydi Oʻzbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi oʻrinbosari, Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi aʼzosi Xolmurod Salimov. — Harbiy qismda askarlar uchun yaratilgan sharoitlar havas qilarli darajada. Eng muhimi, bunday ijobiy holatni respublikamizning olis garnizonlaridagi harbiy qismlarda ham koʻryapmiz. Harbiy jamoalardagi muhit esa hammamizni quvontiradi: serjant va ofitserlar askarlar bilan aka-uka, ustoz-shogirddek boʻlib ketgan.

Tashrif davomida harbiy qism shaxsiy tarkibi, askarlar hamda Jamoatchilik kengashi aʼzolari ishtirokida davra suhbati boʻlib oʻtdi. Unda Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist, isteʼfodagi podpolkovnik Abdurazzoq Obroʻyev oʻzining hazilomuz sheʼrlari bilan davrani qizitib yubordi. Yakunda Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi aʼzolari harbiy qism kutubxonasi uchun kitoblar jamlanmasini sovgʻa qilishdi.

Leytenant Islomjon QOʻCHQOROV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti