Sharqiy harbiy okrug harbiy qismlaridan birida o‘tkazilgan jangovar shaylik tadbirlari muvaffaqiyatli yakunlandi

52

Avval xabar berganimizdek, Sharqiy harbiy okrug harbiy qismlaridan birida boshlangan jangovar shaylikni tekshirish ishlari yakunlandi.

Harbiy topografiya, umumiy taktika, aloqa tayyorgarligi…

Qaysi yo‘nalishni olmang malakali mutaxassislar topshiriqni bajarishga yeng shimarib kirishgan.

Vatan himoyachilari o‘zlarining naqadar toblanganlik darajasini namoyish qilib, yuqori natijalarni ko‘rsatdilar. Yuksak marralar esa osonlikcha zabt etilmaydi. Mashg‘ulotlar davomida shaxsiy tarkib hamda harbiy texnikalarning jangovar shayligi tekshirildi. Unda harbiy xizmatchilarning tashqi ko‘rinishidan tortib qurol-aslahalari, safar anjomlarigacha, jangovar texnika va harbiy avtomobillar sozligi, texnik nosozlik yuzaga kelganda uni bartaraf etishda kerak bo‘ladigan zaxira uskunalar butligigacha e’tibordan chetda qolmadi. Harbiy xizmatchilarning nazariy va amaliy bilimlari tekshirilib, harbiy topografiya, jismoniy, taktik va maxsus tayyorgarlik, o‘qotar va guruh tarkibidagi qurollardan nishonlarga o‘q otish bo‘yicha ko‘nikmalari sinovdan o‘tkazildi.

Shaylikni tekshirish davomida jangovar mashinalar nazorat ko‘rigidan o‘tkazilib, shay holatga keltirildi. Yonilg‘i va moy miqdori, sovutgich suyuqligi, dvigatel ishlash holati, qurol-aslahalari, o‘q-dorilarigacha birma-bir ko‘zdan kechirildi.

“Qurollar saqlagichga qo‘yilsin. O‘q otish istehkomlari almashtirilsin. Maydonni kuzatamiz. Qurollar ko‘rikka”. Bu kabi so‘zlar harbiy xizmatchilar 2-nazorat o‘q otish mashqini bajarish chog‘ida jaranglab turdi. Jangovar shaylikni tekshiruv davomida otish tayyorgarligidan batalon taktik guruhi shaxsiy tarkibining o‘q otish mashqlari sinovini Qurolli Kuchlar Bosh shtabi jangovar tayyorgarlik bosh boshqarmasi mas’ul ofitserlari kuzatib va baholab bordilar.

Mashg‘ulotlar mobaynida harbiy texnikalar kolonnasi “G‘urumsaroy” dala-o‘quv maydonida o‘z pozitsiyasini egalladi. Bu fursat harbiy xizmatchilar uchun egallagan tajriba va ko‘nikmalarini amaliyotda yana bir bor sinab ko‘rish, jangovar shay, tajribaga boy ekanliklarini ko‘rsatish imkoniyatini berdi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti