Qurolli Kuchlar akademiyasi malaka oshirish fakultetida navbatdagi bitiruv bo‘lib o‘tdi

67

Qurolli Kuchlar akademiyasida ofitserlar malakasini oshirish va qayta tayyorlash fakultetining navbatdagi bitiruvchilariga sertifikat va ko‘krak nishonlarini topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda oliy harbiy ta’lim muassasasi rahbariyati, fakultet shaxsiy tarkibi ishtirok etdi.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar Vatanimiz mudofaa salohiyatining yuksalishi mamlakat taqdiriga daxldorlik hissi yuqori, keng bilim va tafakkurga ega harbiy xizmatchilarning faoliyatiga bog‘liq ekanini ta’kidlab, bitiruvchilarni qutladilar.

– Bu yerda olgan saboqlarimizni, egallagan bilimlarimizni Vatanimizni ishonchli himoya qilish va Qurolli Kuchlarimiz jangovar qudratini yanada yuksaltirishga sarflaymiz. Zero, shiddat bilan o‘zgarib borayotgan bugungi davr biz, harbiy xizmatchilardan yuksak fikrlash tarzini, kuchli iroda va boshqaruvchanlik qobiliyatini talab qilmoqda, – deydi podpolkovnik Shermat Yarashev. – Mashg‘ulotlar ko‘rgazmali qurol va vositalar yordamida, qolaversa, o‘z sohasi bo‘yicha ko‘p yillik tajribaga ega ustoz ofitserlar tomonidan o‘tilishi ularning qiziqarli, mazmunli va eng muhimi, samarali bo‘lishiga xizmat qildi.

Kasbiy bilim va mahoratni oshish, o‘z xato va kamchiliklari ustida ishlash, o‘qib-izlanish har bir ofitser uchun suv va havodek zarur. Ushbu talabni anglab yetgan, ko‘ngli mas’uliyatli kasbidan, faxru iftixor hissidan oziqlanuvchi kishining sa’y-harakatlari maqsadiga monand bo‘ladi.

Mudofaa vazirligi axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti