ArMI – 2019. O‘zbekistonlik harbiy oshpazlar yarim finalda

91

Rossiya Federatsiyasining Moskva viloyatidagi “Alabino” dala-o‘quv maydonida beshinchi xalqaro armiya o‘yinlari doirasida “Dala oshxonasi” musobaqasi ham bo‘lib o‘tmoqda. Mazkur musobaqada ishtirok etayotgan o‘zbek harbiy oshpazlari o‘z mahoratlarini namoyish etib, g‘oliblik sari odimlashyapti.

O‘zbekiston, Rossiya, Qozog‘iston, Belarus, Shri-Lanka, Vetnam, Mo‘g‘uliston hamda Janubiy Afrika Respublikalarining jamoalari ishtirok etayotgan ushbu musobaqa o‘zining qiziqarli bahslariga kirib, tajribali oshpazlar mahorati jamoalarga navbatdagi ballarni keltirdi. O‘zbekistonlik harbiy xizmatchilar yettinchi qatorda joylashgan dala oshxonasida o‘z mahoratlarini namoyish etmoqda.

Dastlab harbiy oshpazlarimiz milliy taomlar ko‘rgazmasida ishtirok etdi. Unda qator o‘zbek milliy taomlari dunyoning qirqdan ortiq mamlakatidan kelgan mehmonlarga tortiq etildi. E’tiborlisi shundaki, tayyorlangan milliy taomlar masalliqlari aynan O‘zbekistondan keltirilgan.

Harbiy oshpazlarimiz ikkinchi bosqichda pishiriq pishirish va kompot tayyorlash shartini muvaffaqiyatli bajarib, yarim finalga yo‘l oldi. Hali oldinda belgilangan taomnoma bo‘yicha ovqat tayyorlash va non pishirish shartlari turibdi. Ishonamizki, vakillarimiz ushbu shartlarni ham ko‘ngildagidek ado etib, g‘oliblar safidan joy oladi.

Eslatib o‘tamiz, harbiy oshpazlarimiz 2018-yilda ham mazkur musobaqada ishtirok etib, o‘zbek milliy taomlarini tayyorlash bo‘yicha o‘z mahoratlarini namoyish etgan edi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti