Harbiy xizmatchilarga uy-joy bilan bog‘liq bo‘lgan yana bir imkoniyat

8588

O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi va Aksiadorlik tijorat banki “Qishloq qurilish bank” o‘rtasida harbiy xizmatchilarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirishga doir kelishuv imzolandi.

Ta’kidlash joizki, oxirgi yillarda mas’uliyatli va sharafli burchlarini sidqidildan bajarib kelayotgan harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolarini ijtimoiy himoya qilish, yashash va xizmat vazifalarini o‘tashlari uchun munosib va xavfsiz shart-sharoitlarni yaratish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar sabab, harbiy xizmatchilar oilalari zamonaviy, sifatli, shinam uy-joy bilan ta’minlanib, turmush darajasi yaxshilanmoqda.

Shuni ham ta’kidlash joizki, uy-joy bilan ta’minlangan harbiy xizmatchilar xizmat faoliyatini davom ettirish uchun boshqa harbiy okrug (garnizon)ga yuborilganida uy-joy ijarasi to‘lovlari bilan bog‘liq ayrim muammolar uchrab kelmoqda. Ushbu muammolar asosan boshqa harbiy okrugdan ijaraga olingan uy-joy uchun ijara to‘lash hamda na’munali uy-joylar uchun tijorat banklari ajratgan uzoq muddatli ipoteka krediti mablag‘larini qaytarish jarayonida yuzaga chiqmoqda.

Harbiy xizmatchilarda uy-joy ijarasi to‘lovlari bilan bog‘liq bo‘lgan ushbu muammolar bugungi kunda o‘z yechimini topdi.

O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi, “Garov to‘g‘risida”gi va “Ipoteka to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunlariga asoslangan holda, Mudofaa vazirligi va Aksiadorlik tijorat banki “Qishloq qurilish bank” talabiga ko‘ra Mudofaa vazirligi tomonidan uzoq muddatli ipoteka krediti asosida na’munali uy-joylar bilan ta’minlangan, biroq kasb taqozosiga ko‘ra xizmat faoliyatini boshqa okrugda davom ettirayotgan harbiy xizmatchilar endilikda uy-joyini uchinchi shaxsga vaqtincha ijaraga berish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Bunda Aksiadorlik tijorat banki “Qishloq qurilish bank” tomonidan kredit shartnomasida belgilangan asosiy qarz va unga hisoblanib kelinayotgan foizlar bo‘yicha to‘lovlarni o‘z vaqtida amalga oshirib kelinayotgani inobatga olinadi. Uy-joyni ijaraga yoki vaqtincha tekin foydalanishga berish qat’iy ravishda notarial tartibda tuzilgan ijara yoki tekin foydalanish shartnomasi asosida amalga oshiriladi.

Mudofaa vazirligi matbuot xizmati