Xalqaro armiya o‘yinlarida ilk g‘alaba: “REMBAT”chilarimiz ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi

75

Rossiya Federatsiyasining Omsk shahrida o‘tkazilgan “REMBAT” – “Eng ilg‘or ta’mirlash va evakuatsiya bataloni” musobaqasi o‘z yakuniga yetdi. Quvonarlisi, unda ishtirok etgan O‘zbekiston terma jamoasi yakka tartibdagi poyga, harbiy texnika estafetasi, otish tayyorgarligi, jamoa sardorlari bellashuvi shartlarini ko‘ngildagidek bajarib, yakunda umumjamoa hisobida faxrli 2-o‘rinni qo‘lga kiritdi.

Musobaqa 4 avgust kuni start olgan edi. O‘zbekiston harbiy mutaxassislari ushbu musobaqada birinchi marotaba ishtirok etishiga qaramay, beshta bosqichdan iborat bo‘lgan bahslarning 4 tasida 2-, bittasida esa birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Umumiy hisobda esa Rossiya birinchi bo‘ldi. Uchinchi o‘rin Laos jamoasiga nasib etdi. Dunyoning kuchli 8 jamoasi ishtirok etgan mazkur musobaqada O‘zbekiston jami 6 022 ball yig‘di.

– Yigitlarimiz ushbu musobaqaga jiddiy tayyorgarlik ko‘rgan edi, – deydi jamoaga boshchilik qilayotgan podpolkovnik Ismoil Navro‘zov. – Odam yursa oyog‘i, qush uchsa qanoti kuyadigan jaziramalarda toblanishdi. Mana bugun o‘sha zahmatlarimizning mevasidan bahramand bo‘lyapmiz. Albatta, g‘alaba lazzati hammaga ham yoqadi. Lekin bu birgina bizning emas, balki ona Vatanimizning ham yutug‘idir.

Bugun, 10 avgust kuni “REMBAT” – “Eng ilg‘or ta’mirlash va evakuatsiya bataloni” musobaqasining tantanali yopilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Yurtdoshlarimiz shohsupaning 2-pog‘onasida o‘z sovrinlarini faxr bilan qabul qilib oldilar.

Yigitlarimizning ushbu yutug‘i Xalqaro armiya o‘yinlarida ishtirok etayotgan boshqa jamoalarimizga ham kuch-g‘ayrat va shijoat baxsh etishi tabiiy.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti