Qurolli Kuchlar akademiyasida Prezident qarorining bir yillik hisobotiga bag‘ishlangan idoralararo komissiya yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi 

52

Prezidentimizning 2018-yil 4-avgustdagi «O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari harbiy xizmatchilarining ma’naviy-ma’rifiy saviyasini oshirish tizimini tubdan takomillashtirish to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq, mamlakatimiz Qurolli Kuchlari tizimida ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish konsepsiyasi qabul qilingan edi.

O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari akademiyasida o‘tkazilgan yig‘ilish mazkur konsepsiyani amalga oshirish bo‘yicha respublika idoralararo komissiyasining bir yillik hisoboti tahliliga bag‘ishlandi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, O‘zbekiston xotin-qizlar qo‘mitasi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi «Oila» ilmiy-amaliy tadqiqot markazi, «Mahalla», «Nuroniy» jamg‘armalari, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Yoshlar ittifoqi Markaziy kengashi vakillari, viloyat hokimlarining o‘rinbosarlari ishtirok etgan tadbirda idoralararo komissiya faoliyatining yutuq va kamchiliklari sarhisob etildi.

– O‘tgan yilning 6-avgust kuni Mudofaa vaziri rahbarligida respublika idoralararo komissiyasining yig‘ilishi o‘tkazilib, komissiya a’zolariga aniq vazifalar belgilab berilgan edi, – deydi Mudofaa vazirining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari general-mayor Azizbek Ikramov. – 2018-yilning 8—15-avgust kunlari vazirligimizdan joylarga ishchi guruhini yuborib, mahalliy davlat hokimiyati organlarining tegishli qarorlari ishlab chiqildi, hududiy idoralararo komissiyasining ta’sis yig‘ilishini o‘tkazdik. O‘tgan bir yil mobaynida harbiy xizmatga bo‘lgan munosabat tubdan o‘zgardi, tashabbus ko‘rsatish, intellektual va kasbiy mahoratni oshirishga intilish kuchaydi.

Tarbiyaviy va mafkuraviy ishlarning boy tariximiz, milliy qadriyat va an’analarimizga asoslangan yaxlit tizimi yaratildi. Xususan, qo‘shinlarda harbiy psixolog va yetakchi sotsiologlar instituti armiyada ilk bor tashkil etildi, ular amalda o‘zining samarali faoliyatini boshladi. Bunda qator davlat va jamoat tashkilotlarining o‘rni va hissasi katta. Shuningdek, hududlarda bu borada ayrim kamchiliklar ko‘zga tashlanyapti.

Mudofaa vazirligining ishchi guruhi joriy yilning 15-iyulidan 31-iyuliga qadar viloyat hokimlarining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari rahbarligidagi hududiy idoralararo komissiyasilar faoliyatini atroflicha o‘rgandi.

Bugungi yig‘ilishda Qurolli Kuchlar harbiy xizmatchilarining ma’naviy-ma’rifiy saviyasini oshirish ishlarida eskicha qolip va andozalardan voz kechish, faoliyatda to‘siq bo‘layotgan omillarni hamjihatlikda bartaraf etish bo‘yicha vazifalar belgilab olindi.

Yig‘ilish yakunida respublika idoralararo komissiyasi a’zolariga Mudofaa vazirligining «Yosh avlodni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalashdagi ishtiroki uchun» ko‘krak nishoni topshirildi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti