Toshkent harbiy okrugi qo‘mondonligi 40 nafarga yaqin bolajonlarga 16 turdagi o‘quv qurollari sovg‘a qildi

62

Bugun, 9 avgust kuni Toshkent harbiy okrugi qo‘shinlari qo‘mondonligi tomonidan yaqinlashib kelayotgan Qurbon hayiti va Mustaqilligimizning 28 yilligi munosabati bilan bir guruh kam ta’minlangan va ko‘p bolali oila farzandlariga sovg‘alar ulashildi.

Yuqori qo‘mondonlik vakillari tomonidan 40 ga yaqin bolajonlarga 16 turdagi o‘quv qurollari bilan to‘ldirilgan so‘mka va badiiy kitoblar topshirildi.

Toshkent harbiy okrugi mahalla kesimida kam ta’minlangan va ijtimoiy himoyaga muhtoj oila va ularning farzandlari bilan turli ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, ekskursiyalar uyushtirib kelmoqda.

Bugungi tadbirda poytaxtning Mirzo Ulug‘bek tumaniga qarashli “Katta Qorasuv”, “Shukur Burxonov”, “Chimyon” MFY raislari hamda ushbu mahallalarda istiqomat qilayotgan ota-onalar farzandlari bilan ishtirok etdi.

– Ushbu muhim tashabbusning bosh maqsadi kam ta’minlangan oila farzandlarini rag‘batlantirish orqali bilim olishga undash, – deydi “Katta Qorasuv” mahallasi raisi Naima Jabborova. – Toshkent harbiy okrugi bilan bir necha yillardan beri hamkorlik qilamiz. Qo‘mondonlikning ushbu tashabbusi yangi o‘quv yili arafasida turgan bolajonlarni bag‘oyat xursand qildi. Ushbu navnihollar o‘zlariga berilgan yuksak e’tiborni kelgusida o‘z bilim va yutuqlari bilan, albatta, ko‘rsatishadi.

Tadbirning badiiy qismini Chirchiq garnizoni ma’naviyat va ma’rifat markazi ansambli jamoasi o‘zining kuy-qo‘shiqlari bilan ochib bergan bo‘lsa, “Navqiron” guruhi vakillari o‘z chiqishlari bilan barchaga tabassum ulashdi. “Umid” raqs ansambli tomonidan ijro etilgan raqslar esa raqslarga ulandi.

Toshkent harbiy okrugi Matbuot xizmati