ArMI – 2019. Forish. “Harbiy-tibbiy estafeta” – hamyurtimiz tibbiy xizmat kapitani Bobojon Elmurodov rekord o‘rnatdi!

37

“Forish” tog‘ poligonida V “Xalqaro armiya o‘yinlari – 2019” doirasida bo‘lib o‘tayotgan “Harbiy-tibbiy estafeta” tanlovi qizg‘in pallaga kirmoqda.

Bugun, 8 avgust kuni jamoalar mazkur nufuzli musobaqaning tibbiy xizmat tarkibi uchun majmuaviy mashqlar bosqichida maxsus to‘siqlardan o‘tish va o‘z mahoratini namoyish etish sharti bo‘yicha kuch sinashdi.

Ayollar va erkaklar o‘rtasida kechgan murosasiz bahslarda ishtirokchilar start bayroqchasi tushirilgandan so‘ng, granata uloqtirgan ko‘yi tunnel orqali to‘siqlar yo‘lagidan odimlab, labirintli to‘siqdan o‘tdi. Shundan so‘ng, Makarov pistoletini noto‘liq qismlarga ajratib, har biri 20 kilogram bo‘lgan qutilarni maxsus okop ichidan turib joyini ko‘chirdi. Navbatdagi sinovlar: BTR-80 ostidan emaklash; qurolni to‘liq qismlarga yig‘ish; labirintli to‘siqdan o‘tish va shart maydonchasi bo‘ylab yugurib, shartli bemor manekenlari joylashtirilgan hududga kirib borishdan iborat.

Tibbiy xizmat harbiylari ushbu hududga yelib kelgach, tibbiyot sumkasini olib, yo‘lakchadagi uchta shartli bemorga yordam ko‘rsatdi. Ular dastavval, konikotomiya – shoshilinch holatlarda nafas yo‘linii tiklash uchun shartli bemor bo‘g‘ziga naycha qo‘yish borasidagi mahoratlarini, so‘ngra uchinchi nuqtada ko‘krak qafasli maxsus manekenning plevra bo‘shlig‘idagi suv yoki havoni chiqarib tashlash hamda o‘pka-yurak reanimatsiyasida shartli bemorga yurak yopiq massaji bilan sun’iy nafas berish amaliyotida to‘plagan bilimlarini namoyish etdi.

Mazkur shartning har bir qismi ishtirokichilardan yuqori darajadagi aniqlik va tezkorlikni talab etdi.

Erkaklar o‘rtasida hamyurtimiz tibbiy xizmat kapitan Bobojon Elmurodov startdan finishgacha 4 daqiqayu 49 soniya vaqt sarflab, ushbu shart bo‘yicha rekord o‘rnatdi! Rossiya vakili tibbiy xizmat leytenanti Andrey Malaxov va qozog‘istonlik tibbiy xizmat katta leytenanti Nurjan Kapezov keyingi pog‘onlarni egalladi.

Ishtirokchilar “Harbiy-tibbiy estafeta” tanlovining navbatdagi “Eng yaxshi haydovchi” va “Jamoaviy birinchilik” shartlari bo‘yicha musobaqalashadi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti