“Janub o‘g‘lonlari“ Qarshida bellashadi

12

Termizda mustaqilligimizning 28 yilligiga bag‘ishlab Mudofaa vazirligining Surxondaryo viloyatidagi harbiy qismlari harbiy xizmatchilari o‘rtasida “Quvnoq harbiy zukkolari“ ko‘rik-tanlovi bo‘lib o‘tdi.

“Jonajon O‘zbekistonim mangu bo‘l omon!“ shiori ostida o‘tkazilgan tanlovda shartnoma asosida xizmat qilayotgan serjantlar va oddiy askarlar hamda muddatli harbiy xizmat burchini bajarayotgan harbiy xizmatchilardan tashkil topgan jamoalar o‘z bilim, salohiyat va iste’dodini sinovdan o‘tkazdi.

Tanlov qoidalariga ko‘ra, ishtirokchilar uchta shart bo‘yicha o‘zaro bellashdi. Birinchi shartda har bir jamoa o‘zlarini tanishtirish xarakteriga ega bo‘lgan ko‘rinishlar, hazil-mutoyiba, kuy-qo‘shiq, raqs va boshqa satirik-yumoristik sahna ko‘rinishlarini taqdim etdi. Ikkinchi shartda ular oldindan tayyorlagan videoroliklari orqali hayotdagi muammoli holatlar, harbiylar hayotida uchraydigan yumorga boy sahna ko‘rinishlarini namoyish qildi. So‘nggi shartda jamiyat, shu jumladan harbiylar hayotida uchraydigan turli qiziq voqealar, illat va kamchiliklar kulgi ostiga olingan teatrlashtirilgan chiqishlarini tomoshabinlar etiboriga havola etdi.

Hakamlar hay’ati har bir shart bo‘yicha jamoalarning iste’dod va mahoratini munosib baholadi.

Qiziqarli lahzalarga boy bo‘lgan tanlov yakunida Sherobod garnizonining “Janub o‘g‘lonlari“ jamoasi faxrli birinchi o‘rinni qo‘lga kiritib, ko‘rik-tanlovning Janubi-G‘arbiy maxsus harbiy okrugi bosqichida ishtirok etish huquqiga ega bo‘ldi. Ikkinchi o‘rinni Termiz garnizoniga qarashli harbiy qismning “Status“ va uchinchi o‘rinni Janubiy operativ yo‘nalish boshqaruvi guruhining “O‘zbegim o‘g‘lonlari“ jamoasi egalladi.

G‘olib hamda faol jamoalar diplom va esdalik sovg‘alar bilan taqdirlandi.