Namunali askarlarning ota-onalariga Tashakkurnoma topshirildi

73

Havo hujumidan mudofaa qo‘shinlari va Harbiy havo kuchlariga qarashli harbiy qismdamiz. Erta tong. Yigitlik burchini o‘tayotgan bir guruh muddatli harbiy xizmatchilar o‘tirgan avtobus Chirchiq – Samarqand yo‘nalishi bo‘yicha harakatlanmoqda. Maqsad — askarlarning ota-onalarini harbiy qism komandirining Tashakkurnomasi bilan taqdirlash.

Islombek Bahromov muddatli harbiy xizmatga Bulung‘ur tumanidan chaqirilgan. Bu voqea uning oilasida bir tantanaga aylangan bo‘lsa, harbiy qism ofitserlari Islombek va uning safdoshlari bilan xonadonga tashrif buyurgani galdagi shodiyonaga sabab bo‘ldi.

Mahalla oqsoqoli Murodilla bobo duoga qo‘l ochib, xalqimizga tinchlik-barqarorlik, harbiylarga sog‘lik-omonlik, Yurtboshimizga minnatdorlik tiladi. Shundan so‘ng avtobus Samarqand tumanidagi Diyor mahallasiga yo‘l oldi.

– Mahallamizning nomi xalqimiz tinchligi va osoyishtaligi yo‘lida fidoyilik ko‘rsatgan harbiylardan biri Diyor Hakimov sharafiga qo‘yilgan, – deydi oddiy askar Firdavs Obidov yo‘l-yo‘lakay suhbat asnosida. – Bobom u kishining jasorati haqida bizga ko‘p bora so‘zlab bergan. Shu bois egnimdagi harbiy libos menga doim g‘urur, shijoat bag‘ishlab turadi.
Harbiy qism qo‘mondonining tashakkurnomalarini o‘z egalariga topshirish marosimi Birinchi

Prezidentimiz Islom Karimovning Samarqand shahridagi haykali poyida davom etdi. Keng jamoatchilik vakillari yig‘ilgan davrada birin-ketin tashakkurnoma matni o‘qib eshittirildi.
Olqishlarning keti uzilmadi. Axir ota-ona uchun jigargo‘shasini elga kerakli o‘g‘lon etib ulg‘aytirgani, munosib tarbiyalagani uchun mahalla-ko‘y, omma oldida e’tirof etilishdan ortiq baxt bormi?!

Tadbirda so‘zga chiqqan ota-onalar davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan harbiy xizmatchilarning intellektual salohiyatini yuksaltirish, shaxsiy tarkib o‘rtasida milliy o‘zlikni anglash va jangovar ruhni, vatanparvarlik tarbiyasini kuchaytirish maqsadida yosh askarlarning «Temur tuzuklari» asarini o‘rganayotgani muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.

Harbiy qismga yetib keldik. Posbonlar o‘z postini egallagan. Shuurda bugungi sayohat taassurotlari mavjlanib, ko‘ngilga uzoq vaqt surur bag‘ishlaydi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti