O‘zbekiston Mudofaa vazirligi “Tank biatloni” jamoasi eng yaxshi natija bilan yarim finalga chiqdi 

77

Xalqaro armiya o‘yinlarining “Tank biatloni” musobaqasida ilk bor ishtirok etayotgan yurtimiz harbiy xizmatchilari eng yaxshit natija bilan yarim finalga yo‘l oldi. Bu haqda Moskva viloyatining “Alabino” poligonida voqea jarayonlarida bevosita ishtirok etayotgan Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti muxbirlari kapitan Shunqor Bo‘riyev va shartnoma bo‘yicha harbiy xizmatchi, oddiy askar Islomjon Qo‘chqorov xabar bermoqda.

Yakka tartibdagi poyga bahslariga kichik serjant Jobirbek Imomnazarov boshchiligidagi ekipaj a’zolari yakun yasab berdi. Shuning bilan “Tank biatloni” musobaqasining guruh bahslariga yakun yasaldi.

Natijalarga ko‘ra, vakillarimiz 11 davlat jamoasi ishtirok etayotgan guruhda eng yaxshi natijani qayd etib, yarim final masalasini hal etishdi. So‘nggi bahsda mexanik-haydovchi serjant Karimbek O‘rinov o‘z bilim va mahoratini namoyish etib, ekipajni qisqa vaqt ichida beligalagan nishonlarni yakson etib, finish chizig‘ini bosib o‘tishini ta’minladi.

Shu kuni yarim final uchun qur’a tashlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Unga ko‘ra, vakillarimiz ikkinchi guruhdan joy olib, 13 avgust kuni asosiy bahslarga kirishadigan bo‘ldi. Unda estafeta sharti bo‘yicha uchta ekipajimiz 4 kilometru 100 metrlik masofada joylashgan to‘siqlardan o‘tishi talab etiladi.

Shunday qilib, “Tank biatloni” musobaqasining ikkinchi guruhida birinchi bosqich yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston bilan birga yana 7 ta jamoa yarimga finalga yo‘l oldi. Sudan, Zimbavbe va Angola jamoalari musobaqani tark etdi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti