Nukusdagi harbiy shaharchada murosasiz bahslar

0
3879

Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa va Sportni rivojlantirish vazirliklari hamda Yoshlar ishlari agentligi tashabbusi bilan harbiy xizmatchilar va yoshlar oʻrtasida milliy kurash va tosh koʻtarish boʻyicha mudofaa vaziri kubogi uchun bellashuvlarning mahalla bosqichlari ayni avjiga chiqqan pallaga keldi.

“Yoshlar oyligi” doirasida voyaga yetayotgan yosh avlodni sportga qiziqtirish, ular oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini keng targʻib etish, milliy sport turlarini rivojlantirish hamda yosh va umidli sportchilarni kashf qilishga koʻmaklashish maqsadida oʻtkazilayotgan musobaqalar Nukus garnizonidagi beshta mahallalar oʻrtasida oʻtkazildi.

Musobaqada Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondonligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Kurash federatsiyasi vakillari, Nukus shahar mudofaa ishlari boʻlimi hamda boshqa davlat va jamoat tashkilotlari ishtirok etdi.

Soʻzga chiqqanlar polvonlarga halol kurash, gʻalaba va muvaffaqiyatlar tilashdi. Milliy sportimizning yoshlar tarbiyasida tutgan oʻrni eʼtirof etildi.

“Vatanparvar”, “Koʻzkoʻl”, “Qumovul”, “Bagʻshiliq” hamda “Janabozor” mahallarining eng sara polvonlari Nukus garnizonidagi 1-sonli harbiy shaharchada jam boʻlib, milliy sport oʻyinlarimizning jozibasini namoyish etdi. Har bir bellashuv oʻzgacha xis-hayajonga toʻlib, sogʻlom raqobat ostida oʻtdi.

Haqiqatdan ham kurash taʼsirli tarbiya vositasi hisoblanib, insonning irodasi, sabr-u bardoshini toblash, sogʻom turmush tarzini odat qilishga oʻrgatishning eng taʼsirli usulidir. Ota-bobolarimizdan avlodlarga meros boʻlib kelayotgan milliy kurash har bir toʻy-tomoshaning fayzi boʻlib xizmat qilib kelgan.

Gʻolib va sovrindorlarni Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondoni hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Kurash federatsiyasi masʼullari medal, faxriy yorliq va esdalik sovgʻalari bilan taqdirladi.

Keyingi bosqichga yoʻllanmani qoʻlga kiritgan yoshlarga mudofaa vaziri kubogini Nukus shahriga olib kelishlariga tilak bildirildi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati