Xayrobod garnizonida “Qo‘mondon qabuli” bo‘lib o‘tdi

0
5649

Xayrobod garnizonida joylashgan harbiy shaharchada Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni hamda harbiy xizmatchilarning oila a’zolari ishtirokida “Qo‘mondon qabuli” tadbiri tashkil etildi.

Tadbirda  Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug qo‘shinlari va Janubiy operativ qo‘mondonligi ofitserlari, Denov tuman hokimligi va tuman bandlikka ko‘maklashish markazi mutasaddilari, Oila va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘limi rahbarlari ishtirok etdi.

Tadbir avvalida Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni general-mayor Zaynobiddin Iminov bugungi kunda harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolari uchun yaratilayotgan shart-sharoitlar haqida ma’lumotlar berib, o‘sib-ulg‘ayib kelayotgan yosh avlod tarbiyasiga katta e’tibor qaratilishi lozimligini ta’kidlab o‘tdi. Shuningdek, harbiy qism komandiriga mazkur harbiy shaharchada to‘garaklar sonini ko‘paytirish hamda sport sohasini rivojlantirish bo‘yicha takliflar kiritish haqida tegishli ko‘rsatmalar berdi.

Qabul davomida harbiy xizmatchilarning oila a’zolarini uy-joy va ish bilan ta’minlash hamda harbiy xizmatchilarning xizmat o‘tash joyini o‘z ota-onasi yashayotgan hududga ko‘chirish kabi masalalar ko‘tarildi. Uchrashuvda harbiy xizmatchilarning oila a’zolari tomonidan bildirilgan murojaatlarning aksariyati  shu yerning o‘zida yechimini topdi.

Albatta, navbatma-navbat Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug tasarrufidagi barcha harbiy qismlarda tashkil qilinayotgan bu kabi tadbirlar harbiy xizmatchilar oilalaridagi muammolarni yechishga hamda oilalardagi muhitni yaxshilashga xizmat qiladi.

III darajali serjant Akbar AHMEDOV,
Termiz garnizoni