Mudofaa vazirligi navbatdagi yangi jangovar mashinalar bilan ta’minlandi

88

Bugun, 2-avgust kuni “Chirchiq” poligonda xorijdan xarid qilingan eng so‘nggi rusumdagi harbiy texnikalarni topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Mazkur jangovar mashinalarning o‘ziga xosligi uning barcha qismlari avtomatlashtirilganida. Shuningdek, u yuqori tezlikda harakatlanadi, manyovrchan, sig‘imi keng.

Ularni o‘zlari biriktirilgan mexanik-haydovchilarga topshirish tantanalarida Mudofaa vazirining qurollinish va qurol-aslaha bo‘yicha o‘rinbosari polkovnik Oybek Ismoilov, Mudofaa sanoati bo‘yicha davlat qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i Qahramon Ermatov ishtirok etdi.

So‘zga chiqqanlar harbiy xizmatchilarga bildirilayotgan yuksak ishonch, yaratilayotgan imkoniyatlar va shunga munosiblik hissi to‘g‘risida to‘xtaldilar. Yangi jangovar mashinalar ham yurtimizdagi osoyishtalikni mustahkamlashga, jangovar qudratni yanada oshirishga xizmat qilishi lozimligini ta’kidladilar.

“Ejder Yalcin” jangovar mashinalari biriktirilgan mexanik-haydovchilar bundayin mas’uliyatdan mamnun. Ayniqsa, uzoq yillardan buyon xizmat qilayotgan Vatan himoyachilarining hayajoni ayricha.

Harbiy orkestr sadolari ostida jangovar mashinalarni qabul qilib olish, mexanik-haydovchilarga biriktirish tantanalari rosmana bayram tusida o‘tdi.

Ta’kidlash kerakki, 2018-yilda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining Mudofaa doktrinasida qo‘shinlarni zamonaviy qurol-aslahalar va harbiy texnikalar bilan ta’minlash hamda mustaqil mudofaa-sanoat majmuasini yaratish ko‘zda tutilgan edi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti