O‘zbekistonga kelgan “ArMI-2019” xalqaro musobaqa ishtirokchilarining taomnomasidan nimalar o‘rin olgan?

1085

O‘zbekistonda 2019-yilda ilk marotaba o‘tkazilayotgan V Xalqaro armiya o‘yinlarining “Harbiy-tibbiy estafeta” yo‘nalishi bo‘yicha musobaqalarga 11 davlatdan kelgan harbiy delegatsiya vakillarini mamlakatimiz qanday mehmon qilayotgani ko‘pchilikda qiziqish uyg‘otishi tabiiy.

Albatta, harbiy oziq-ovqat ratsioni qat’iy me’yor va kaloriyalarga boy bo‘lgan taomlardan iborat bo‘lib, toza, tabiiy mahsulotlardan tayyorlanishi kerak. O‘zbekistonga kelgan “ArMI-2019” o‘yinlari ishtirokchilari Mudofaa vazirligining “Forish” tog‘ poligonida o‘zbekona lutf ila qarshi olinganining o‘zi ko‘pchilikni hayratga tushurdi.

Mamlakatimiz Prezidentining tashabbusi bilan Mudofaa vazirligi qo‘shinlarida autsorsing tizimi joriy etilgan bo‘lib, bir yarim yildan ko‘proq vaqt mobaynida o‘zini ijobiy tomondan oqlab kelmoqda.

“Forish” poligoni oshxonasida Mudofaa vazirligi tomonidan tashkil etilgan uch mahalli ovqat tanovuli yurtimizga kelgan xorijliklar tomonidan e’tirof etilmoqda. Ayniqsa, kimyoviy ishlov va biologik aralashuvlarsiz polizlarimizda yetishtirilgan xo‘l meva va sabzavotlardan hamma mamnun. Taom pishirish texnologiyalarining sanitariya-epidemiologiya talablariga qat’iy rioya qilinishi ustidan nazorat qilib kelayotgan harbiy tibbiyot xodimlari tunu-kun xizmatda.

Yengil atletika sportchilari me’yori asosida tuzilgan taomnoma menyusidan vitamin va kaloriyaga boy mahsulotlardan foydalanilmoqda.

Masalan bir kunga mo‘ljallangan sutkalik ovqat me’yori bilan tanishib chiqsak.

Nonushtaga sabzidan tayyorlangan sarimsoqli salat, xo‘l meva assortisi, shakar qo‘shilgan tvorogli zapekanka, smetana sousi bilan qaynatilgan tovuq va vermishel, sut bilan kakao, qaynatilgan sut, limon bilan shirin choy, bug‘doy va arpa unidan tayyorlangan non, sariyog‘, pishloq, kolbasa, smetana, tvorog, kofe va quritilgan mevalar, xamirturishli bulochkalar.

Tushlikka xo‘l meva, sabzavotlar va ko‘katlardan tayyorlangan assorti, tovuqli somsa, mastava sho‘rva, mevali ragu bilan tuxum-do‘lma, qovurma “Toshkent”, kartoshka bilan qovurilgan tovuq va non mahsulotlari.

Qo‘li gul oshpazlarimiz tayyorlangan kechki ovqat ham xorijliklar e’tirofi ostida qolmoqda. Sabzavotlardan tayyorlangan salat, pishirilgan tuxum, qovurilgan baliq, garnir bilan go‘shtli kotlet va qovurilgan jo‘jalar, xo‘l mevalar va qandolat mahsulotlari kun davomida mashaqqatli tayyorgarlik mashg‘ulotlarini o‘tagan ishtirokchilarga manzur bo‘lmoqda.

G‘ayratiga g‘ayrat, kuchiga kuch qo‘shadigan bunday taomnomadan keyin g‘alaba uchun kurash ham shiddatli bo‘lishi kutilmoqda.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti