Toshkent harbiy okrugi qo‘mondoni harbiylar va ularning oila a’zolari ishtirokida sayyor qabul o‘tkazdi

169

Toshkent harbiy okrugi tashabbusi bilan Respublika harbiy prokuraturasi, Bo‘stonliq tumani Xalq ta’limi bo‘limi, Mehnat va bandlikka ko‘maklashish markazi, moliya muassasalari, sog‘liqni saqlash va qator mutasaddi tashkilotlar hamkorligida harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolari ishtirokida sayyor qabul tashkil qilindi.

Okrug qo‘shinlari qo‘mondoni polkovnik Zokirjon Sayfudinov rahbarligida bo‘lib o‘tgan sayyor qabulda 400 ga yaqin harbiy oilalar o‘z muammo va murojaatlari bilan qatnashdi.

Murojaatlarning aksariyati xalq ta’limi, bank va moliya muassasalari, maktabgacha ta’lim, salomatlik markazi, bandlikka ko‘maklashish, ro‘yxatga qo‘yish kabi qator masalalar yechimiga qaratildi.

Harbiy oilalar tomonidan ko‘tarilayotgan aksar masalalar shu joyning o‘zida tegishli tashkilot vakillari tomonidan ko‘rib chiqildi. Masalan, Xalq ta’limi yo‘nalishida ko‘rsatilgan 9 ta murojaatning 5 tasi, iste’mol va imtiyozli avtokreditlar bo‘yicha 3 ta murojaatdan hammasi, tuman tibbiyot birlashmasi va salomatlik markaziga yo‘llangan 5 ta murojaatning barchasi shu yerning o‘zida ijobiy hal etildi.

Bandlikka ko‘maklashish bo‘yicha kelgan 6 nafar murojaat egasiga ish bilan tanishish uchun yo‘llanma berildi.

Shu bilan birga, harbiy qismga yaqin joyda tekstil fabrikasi faoliyat yuritayotgani sabab, unda mehnat qilayotgan harbiy oilalar uchun o‘sha yo‘nalishda qatnaydigan marshrut ajratish masalasi ko‘rib chiqildi. Kotej hovlilar qoshida xususiy bolalar bog‘chasi tashkil qilish masalasi ham ko‘pchilik tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. Chunki bunda harbiy oilalar qo‘shimcha ish bilan ta’minlanadi.

Keng ko‘lamda o‘tkazilgan sayyor qabul yechimini topmay kelayotgan ko‘plab masalalarga oydinlik kiritishi bilan ham ahamiyatli bo‘ldi.