Mudofaa vazirligi: ishchi guruh harbiy qismdagi tekshiruvini yakunlandi

117

Mudofaa vazirining buyrug‘iga asosan Mudofaa vazirligi Kadrlar bosh boshqarmasi boshlig‘i polkovnik Farhod Shermatov boshchiligidagi ishchi guruh Toshkent harbiy okrugining Chirchiq garnizonida joylashgan harbiy qismdagi tekshiruvini yakunladi.

 Ishchi guruh joriy yilning 18-20 iyul kunlari harbiy xizmatchilarning ma’naviy-ma’rifiy salohiyati, oilaviy ahvoli: farzandlarining bog‘cha va maktablarda ta’lim-tarbiya olishi borasidagi muammolarini atroflicha o‘rganib, ma’lum kamchiliklarni bartaraf etdi; harbiy qismning har tomonlama namunali bo‘lishi uchun zarur ko‘rsatmalar berildi.

Guruh, vzvod, batalon va harbiy qism komandirining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosarlarining faoliyati tadqiq etilarkan, ularning tinchlik va urush davridagi imkoniyatlari baholandi. O‘tkazilayotgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar salmog‘i va ta’sir kuchi qiyosiy tahlil etildi.

Shuningdek, Mudofaa vazirligi va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi o‘rtasidagi hamkorlikka asosan, muddatli harbiy xizmat oddiy askarlariga xizmatini o‘tab bo‘lgach, xususiy tadbirkorlik bilan shug‘ullanishlari uchun yaratib berilgan imkoniyat nazoratdan o‘tkazildi. Bu borada oddiy askarlarga muhim yo‘l-yo‘riqlar uqtirildi.

Uch kun davomida o‘rganish va tekshirishlar natijasida ushbu harbiy qismdagi muhit, jangovar shaylik hamda ma’naviy-ma’rifiy, axloqiy-ruhiy  tayyorgarlik yuqori natijada ekanligi ta’kidlandi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti