Harbiy qismda yetti kun: 30 nafar yoshlar uchun tashkil etilgan bir haftalik tarbiya va sport-sog‘lomlashtirish oromgohining faoliyati yakunlandi

93

O‘zbekiston Mudofaa vazirligi, Toshkent shahar hokimligi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Toshkent shahar kengashi hamda Toshkent shahar IIBB bilan hamkorlikda Toshkent shahridagi harbiy qismlardan birida ichki ishlar idoralarida profilaktik hisobda turgan voyaga yetmagan 30 nafar yoshlar uchun tashkil etilgan bir haftalik tarbiya va sport-sog‘lomlashtirish oromgohi faoliyati o‘z nihoyasiga yetdi.

Oromgohda yoshlar yetti kun xuddi harbiylardek hayot kechirishdi. Ularning kun tartibidan tortib, mashg‘ulotlardagi ishitroki ham harbiy tartib-intizom talablaridan kelib chiqib belgilandi. Saf, jangovar tayyorgarlik bo‘yicha mashg‘ulotlarda, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarda ishtirok etishdi. Ular bilan har kuni profilaktik suhbatlar o‘tkazildi. Vatanparvarlik ruhini targ‘ib qiluvchi badiiy va hujjatli filmlar namoyishi, badiiy havaskorlik jamoasi hamda harbiy orkestrning konsert dasturlari oromgoh tarbiyachlanuvchilarining vaqtini yanada mazmunli o‘tishiga hissa qo‘shdi.

– Telefonsiz hayotimni tasavvur qilolmasdim, – deydi Nikita Kaminskiy. – Harbiy qismga kirishda eng avval teleyefonlarimizni olib qo‘yishganda g‘alati ahvolga tushdim. Go‘yoki o‘zimni tashqi dunyodan uzilayotgandek his qildim. Avvaliga “Bu yerda yetti kunni qanday o‘tkazaman”, deb tashvishga tushgandim. Tashvishim o‘rinsiz ekan. Harbiy qismda o‘tgan har bir kun menda o‘zgacha taassurot qoldirdi. Harbiylarga, harbiy sohaga mehrim tushdi.

O‘tgan kunlardan chiqargan xulosam shunday bo‘ldi: shu yurtda tug‘ilgan har bir inson uni ko‘z qorachig‘idek asrashi shart! Endi hech qachon yomon ishlarga qo‘l urmayman, birovlarning ko‘nglini og‘ritmayman. Vatanimga munosib farzand bo‘laman.

Tarbiya va sport-sog‘lomlashtirish oromgohining yopilish marosimi tantanali tus oldi. Unda Mudofaa va Ichki ishlar vazirligi mas’ul ofitserlari, jamoatchilik vakillari hamda O‘zbekiston yoshlar ittifoqining faol a’zolari ishtirok etdi. Tantana so‘ngida oromgoh tarbiyalanuvchilarga faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari topshirildi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti