Harbiycha yumor askarlar ijrosida. Shimoli-g‘arbiy harbiy okrugida QVZ o‘yinining ikkinchi bosqichi o‘tkazildi (foto)

65

Kecha, 14-iyul kuni Nukus garnizoni Ma’naviyat va ma’rifat markazida Shimoli-g‘arbiy harbiy okrugi harbiy qismlari o‘rtasida Quvnoqlar va zukkolar o‘yinining ikkinchi – okrug bosqichi o‘tkazildi.

Harbiycha hazil-mutoyiba kechasi qizg‘in bahslar, murosasiz bellashuvlar bilan o‘tdi. Askarlardan tarkib topgan to‘rtta jamoa ijrosidagi satirik sahna ko‘rinishlari, akrobatik usullarda bajarilgan murakkab va qiziqarli elementlar, hazilomus chiqishlar bilan publikani lol qoldirdi.

Ayniqsa, Qoraqalpog‘istonning O‘rnak tumanida joylashgan harbiy qismning “Qalqon” jamoasi tomonidan harbiycha hayotni, askarlikda uchraydigan ayrim muammolarni hazilga olib mahorat bilan ko‘rsatishi yig‘ilganlarning olqishiga sazovor bo‘ldi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatining safarbarlik chaqiruvi rezervi xizmatchilarining “Shimol burgutlari” jamoalari ham harbiy xizmatga kelganiga bir necha hafta o‘tganiga qaramay armiyaning hazillarini ishtirokchilarga o‘zgacha tarzda olib chiqishdi.

Nukus garnizonidagi harbiy qismning “Tankasi bor jentelmenlar” jamoa askarlari esa o‘z jismoniy tayyorgarligini akrobatik usullar yordamida namoyish qila olishdi.

O‘yin uchta shartdan iborat bo‘ldi: salomlashuv, videomusobaqa (harbiy xizmatga chaqiruv haqida), uyga vazifa (harbiycha hayot to‘g‘risida ertak).

Yakuniy natijalarga ko‘ra, “Qalqon” jamoasi faxrli birinchi o‘rinni qo‘lga kiritib, Mudofaa vazirligi miqyosida o‘tkaziladigan final bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi. Ikkinchi pog‘onani “Tankasi bor jentelmenlar” egallagan bo‘lsa, uchinchi o‘rin Nukus garnizonining safarbarlik chaqiruvi rezervi batalyonining “Shimol burgutlari” jamoasiga nasib etdi.

G‘olib va sovrindorlar harbiy okrug qo‘mondonligi hamda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Qoraqalpog‘iston Respublikasi kengashi tomonidan diplom hamda qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.