Faxriylarga hurmat va ehtirom

0
9006

9 may – Xotira va qadrlash kuni bu yil ham mamlakatimiz bo‘ylab o‘zgacha ruhda nishonlanmoqda. Davlatimiz rahbarining joriy yildagi “9-may — Xotira va qadrlash kuniga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” qarorida urush qatnashchilari holidan xabar olish, yurt tinchligi va ozodligi yo‘lida jon fido qilgan yurtdoshlarimiz xotirasini yod etishdek ezgu maqsadlar o‘z ifodasini topgani yosh avlodga g‘urur va iftixor, oramizdagi insonlarga esa hurmat va eʼtiborning cheksizligini ifoda etadi.

Ushbu bayram munosabati bilan Mudofaa vazirligi rahbariyati, harbiy okruglar qo‘mondonlari boshchiligida bir guruh harbiy xizmatchilar va Qurolli Kuchlar faxriylarining urush va mehnat faxriylari xonadoniga qilgan tashrifi ham ana shunday ezgulikka molik. Faxriylarni bunday yo‘qlab borish va ularga sovg‘alarni topshirish marosimlari barcha viloyat va tumanlarda bayramona ruhda o‘tkazilmoqda.

Xususan, Qashqadaryo viloyati hokimi Murotjon Azimov hamda Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni, keng jamoatchilik vakillari Qarshi shahrida istiqomat qilayotgan Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari xonadonida bo‘lib, ularga Prezident tabrigini o‘qib eshittirdi va sovg‘alarni topshirishdi.

Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov hamda Markaziy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondoni polkovnik Oybek Saidov ham Samarqand viloyatida istiqomat qilayotgan Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari holidan xabar olib, ularga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining bayram sovgʻalarini tantanali ravishda topshirishdi.

Xorazm viloyatida davlatimiz rahbarining 9-may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan urush faxriylariga yoʻllagan tabriknomasi, pul mukofoti hamda esdalik sovgʻalari tantanali ravishda topshirildi.

Viloyat hokimi Farhod Ermanov, Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondoni polkovnik Farhodjon Shermatov, tuman va shahar hokimliklari hamda jamoat tashkilotlari vakillari ishtirokida Ikkinchi jahon urushi qatnashchilariga davlatimiz rahbarining tabriknomasi, 15 million soʻm pul mukofoti hamda qimmatbaho sovgʻalarni tantanali ravishda topshirdi.

Andijon viloyati hokimi, Sharqiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondoni, sektor rahbarlari va keng jamoatchilik vakillari esa viloyatning 8 nafar urush qatnashchilari hamda mehnat faxriylarining holilan xabar oldi. Faxriylarga Prezidentimizning Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan yoʻllagan bayram tabrigi oʻqib eshittirdi, 15 million soʻm miqdoridagi pul mukofoti va qimmatbaho sovgʻalar topshirildi.

Toshkent harbiy okrugi qo‘shinlari qo‘mondoni ham Toshkent hamda Sirdaryo viloyatlaridagi Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va mehnat faxriylarini yo‘qlab bordi.

Surxondaryo viloyati hokimi Toʻra Bobolov va JOQ boshligʻi polkovnik Poʻlatjon Sativaldiyev 14 nafar Ikkinchi jahon urushi qatnashchini yo‘qlab bordi.

Shuningdek, Mudofaa vazirligi Sport markazi vakillarining bir guruhi 9-may — Xotira va qadrlash kuni arafasida Ikkinchi jahon urushi faxriysi Nikolay Pechyonkinning xonadoniga tashrif buyurishdi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti