Tajriba, malaka va tezkorlik sari…

0
7300

Qurolli Kuchlar akademiyasi bazasida Mudofaa vazirligi Tibbiy taʼminot xizmati rahbariyati va Qurolli Kuchlar harbiy-tibbiyot akademiyasi hamkorligida “Ogʻir bemorlar va jarohatlanganlarga shoshilinch tibbiy yordam koʻrsatishda aviatibbiy evakuatsiyaning dolzarb masalalari: tibbiy aviatsiyaning muammolari va istiqbollari” mavzusida ikki kunlik nazariy va amaliy anjuman boʻlib oʻtdi.

Oʻquv-uslubiy yigʻinining birinchi kuni konferensiya tarzida tashkil qilinib, unda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 13-yanvardagi Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan majlisdagi topshiriqlarining mazmun-mohiyati, Mudofaa vazirligi qoʻshinlarining tibbiy taʼminotini 2022-2023-oʻquv yilida harbiy tibbiyotni yanada rivojlantirish boʻyicha asosiy yoʻnalishlarni belgilab olish, rahbar xodim va harbiy tibbiy kadrlar oldiga qoʻyilgan asosiy mezonlar hamda tibbiyot sohasidagi hukumat qarorlari, vazirlik boshqaruv hujjatlari talablarini yetkazish, tibbiy taʼminot xizmati shaxsiy tarkibini harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, axloqiy-ruhiy holatini yaxshilash, respublika tibbiyot tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar, ularning mazmun-mohiyati, sohaga doir olib borilayotgan tadbirlar samaradorligini oshirish kabi masalalar muhokama qilindi.

Anjumanning ikkinchi kuni “Taktik boʻgʻinda ogʻir bemorlar va jarohatlanganlarga shoshilinch tibbiy yordam koʻrsatishda aviatibbiy evakuatsiyaning dolzarb masalalari, tibbiy aviatsiyaning muammolari va istiqbollari” mavzusida ilmiy-amaliy konferensiya boʻlib oʻtdi.

Unda Mudofaa vazirligi tibbiy taʼminot boshqarmasi, Qurolli Kuchlar harbiy tibbiyot akademiyasi professor-oʻqituvchilari, DXX tibbiy-taʼminot boshqarmasi, DXX Chegara qoʻshinlari, Ichki ishlar, Favqulodda vaziyatlar, Milliy gvardiya, Sogʻliqni saqlash vazirligi tibbiyot mutaxassislari, Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy markazi, Innovatsiya vazirligi xodimlari, shuningdek offline-online koʻrinishda xorijiy ekspertlar, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Turkmaniston Respublikalari, Rossiya Federatsiyasi hamda boshqa davlatlarning oliy harbiy taʼlim muassasalari professor-oʻqituvchilari, Sogʻliqni saqlash tizimi xodimlari ishtirok etishdi.

Oʻzaro muloqotlar davomida havo transportlaridan foydalanish, qoʻshinlar va aholi oʻrtasida davolash-evakuatsiya tadbirlarini amalga oshirish, tibbiy yordam koʻrsatish bosqichlarini qisqartirish hamda bemor va jarohatlanganlar hayotini saqlab qolish masalalarida oʻzaro fikr almashildi.

 

Anjumanning amaliy qismi Chirchiq garnizonida joylashgan harbiy qismlarning birida boʻlib oʻtdi. Statistik maʼlumotlarga koʻra, dunyoda somatik kasalliklarga qaraganda jangovar va politravma oqibatida, hamda yoʻl-transport hodisalari natijasida vafot etganlar soni keskin koʻpayib bormoqda. Buning asosiy sabablaridan biri sifatida taktik bosqichning oʻzida jarohatlanganlarga oʻz vaqtida birlamchi tez tibbiy yordam koʻrsatilmasligi yoki sifatsiz koʻrsatilishi, bemor va yaradorlarni malakali va ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam bosqichiga oʻz vaqtida evakuatsiya qilinmayotganligini koʻrsatib oʻtish mumkin.

Ushbu maʼlumotlardan toʻgʻri xulosa chiqargan holda, barcha hamkorlikdagi guruhlar dala-oʻquv maydonining ikki oʻquv nuqtasida aviatsiya yordamida jang maydonida yaralangan bemorlarni taktik bosqichdan malakali va ixtisoslashgan tibbiy yordam bosqichiga evakuatsiya qilish va ularni tegishli mutaxassislarga qisqa vaqt ichida yetkazib borish amaliyotlarini bajarishdi.

Birinchi oʻquv nuqtada “S-215” samolyotida koʻrsatma asosida bemorlarni kechiktirmasdan malakali va ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam bosqichiga evakuatsiyasini amalga oshirish tadbirlari va shu bilan birga, pandemiya sharoitida sinovdan oʻtgan maxsus kapsulaning ishlash tartibi, bemorlarni uchish apparatlariga joylashtirish, tushirish kabi texnik harakatlarni amalga oshirishdi, undan tashqari samolyot bortiga oʻrnatilgan zamonaviy reanimatsiya majmuasida ogʻir bemorlarga yordam koʻrsatish tartibi tajribali mutaxassislar tomonidan ishtirokchilarga amaliy koʻrsatib oʻtildi.

Ikkinchi oʻquv nuqtada esa hozirgi harbiy-siyosiy vaziyatlardan kelib chiqqan holda, real jang sharoitiga yaqinlashtirilgan holda, yarador va bemorlarga davolash evakuatsiya tadbirlari vertolyotlar yordamida amalga oshirilib, ixtisoslashtirilgan tibbiy muassasalarga yetkazish ishlari amaliy bajarildi hamda u yerdan malakali tibbiy mutaxassislar reanimobillar yordamida jarohatlanganlarni qabul qilib, reanimatsiya yordamini davom ettirgan holda evakutsiya qilish tadbirlari koʻrsatildi.

– Birgina “S-215” samolyoti bir vaqtning oʻzida 27 nafar yarador va bemorga yotqizilgan holda, shuningdek, ikki nafar ogʻir bemorga reanimatsion yordam koʻrsatgan holda evakuatsiya qilish imkoniyatiga ega, – deydi tibbiy xizmat podpolkovnigi Baxtiyor Qosimov.

Ushbu uskunalarning muhim bir jihati shundaki, ular tashqi elektr energiyasiz muqobil quvvat asosida ishlay oladi va bu jang maydonida yaradorlarga tibbiy xizmat koʻrsatishda qoʻl keladi. Olib borilayotgan amaliy mashgʻulotlar, avvalo, tibbiyotchilar tilida “oltin vaqt” deb ataluvchi tigʻiz fursatlarda bemor hayotini maksimal darajada saqlab qolish, uni sogʻligʻini tiklash va safga qaytarishga qaratilgan, desak toʻgʻri boʻladi.

Xulosa oʻrnida aytadigan boʻlsak, yaqin kelajakda vaziyatdan kelib chiqib, ogʻir bemorlarni “oltin vaqt” deb ataluvchi tigʻiz fursatlarda jang maydonidan yoki voqea joyidan evakuatsiya qilish tadbirlari ushbu bemor va jabrlanganlarni maksimal darajada hayotini saqlab qolish imkonini beradi.

Amaliy mashgʻulotlar yakunida faol ishtirok etgan mutaxassislar eʼtirof etilib, tashkilotchilar tomonidan munosib taqdirlandi.

Katta leytenant Bobur ELMURODOV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti