Mudofaa vazirligi terma jamoasi tantana bilan kutib olindi

76

Avval xabar berganimizdek, O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi terma jamoasi Belarus poytaxti Minsk shahrida Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi mamlakatlari harbiy xizmatchilari o‘rtasida ko‘pkurash (komandirlik startlari) va harbiy – amaliy ko‘pkurash bo‘yicha o‘tkazilgan chempionatda muvaffaqiyatli ishtirok etib, faxrli 2-o‘ringa sazavor bo‘lgan edi.

Bugun, 2019-yil 13-iyul kuni tongda Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportda Mudofaa vazirligi terma jamoasi a’zolari mas’ul ofitserlar, ota-onalar, yoshlar, harbiy xizmatchilar va keng jamoatchilik ishirokida tantanali ravishda kutib olindi.

Eslatib o‘tamiz, Mudofaa vazirligi terma jamoasi musobaqa yakunlariga ko‘ra, umumjamoa hisobida mezbonlardan keyin faxrli ikkinchi o‘rinni egalladi. Umumjamoa Komandirlik startlarida Belarus jamoasi 1728 ochko yiqqan bo‘lsa, o‘zbekistonlik harbiylar 1694 ochko yig‘ishga muvaffaq bo‘ldi. Uchinchi o‘rin qirg‘izistonliklarga nasib etdi. Harbiy amaliy ko‘pkurashda Belarusda – 21221 ochko, O‘zbekistonda – 20957 ochko, 20009 ochko bilan esa rossiyaliklar kuchli uchlikni yopdi.

Shaxsiy hisobda “Komandirlik startlari” nominatsiyalarida bizning harbiy xizmatchilar quyidagi natijalarni ko‘rsatishdi: “Brigada komandiri” – 2 o‘rin podpolkovnik D. Xaitov (426 ochko), “Batalon komandiri” – 1 o‘rin mayor Sh. Ishmuratov (454 ochko), “Guruh komandiri” – 3 o‘rin Kapitan B. Madaminov (404 ochko), “Vzvod komandiri” – 2 o‘rin kapitan A. Usmanov (410 ochko).

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti