Armiya sportchilari Janubiy Koreyada o‘tkazilgan xalqaro turnirda munosib ishtirok etdi

4

Janubiy Koreyaning Chunchxon shahrida taekvondo bo‘yicha «Chuncheon Open» xalqaro turniri bo‘lib o‘tdi. Unda yurtimiz sportchilari, jumladan Mudofaa vazirligi sport klubi (MVSK) vakili ham ishtirok etdi.

2020-yili Yaponiyaning Tokio shahrida bo‘lib o‘tadigan XXXII yozgi Olimpiada o‘yinlari yaqinlashgan sari unga saralash musobaqalari yoki reyting ulashuvchi turnirlar tobora avj olmoqda. «Chuncheon Open» xalqaro turniri ham «Tokio-2020»ga reyting ochkolarini taqdim etishi bilan taekvondochilar uchun ahamiyatli edi. Mazkur musobaqada yurtimizning 4 nafar vakili qatnashdi va ikki nafari sovrindor bo‘ldi.

Musobaqani qizlar boshlab berdi. Hamyurtimiz Madinabonu Mannopova qur’aga ko‘ra o‘z vazn (-49 kg) toifasidagi bahslarga ikkinchi bosqichdan qo‘shildi. U dastlab mezbonlar vakilidan, chorak finalda esa xitoylik raqibasidan ustun keldi, biroq yarim finalda Xitoy Taypeyi vakilasiga yutqazib qo‘ydi. Bu natija M.Mannopovaga turnirning bronza medalini taqdim etish bilan birga Tokio yozgi Olimpiadasi yo‘lida jamg‘arayotgan reyting ochkolarini 7.2 ga ko‘paytirish imkonini ham berdi.

Ertasi kuni +73 kilogramm vazn toifasida dayanga chiqqan hamyurtimiz Svetlana Osipova dastlab Gollandiya, keyin Avstraliya taekvondochisini mag‘lub etib, finalga yo‘l oldi. Oltin medal uchun kechgan jangda esa musobaqa mezbonlaridan biriga 3:4 hisobida imkoniyatni boy berdi va musobaqani kumush medal bilan yakunladi.

Dastlabki ikki vakilimiz bronza va kumush medallarni qo‘lga kiritgach, yurtimiz sport muxlislari qolgan ikki ishtirokchimizning hech bo‘lmasa biridan oltin medal kutib boshlashdi, chunki buning uchun asoslar yetarli edi. Xususan, MVSK a’zosi Nikita Rafalovich Janubiy Koreyaga o‘tgan yili Vetnamda o‘tkazilgan qit’a birinchiligida barcha raqiblarini mag‘lub etgan xalqaro toifadagi sport ustasi, ya’ni Osiyo chempioni sifatida borgandi, zero u 2018 yilgi Osiyo o‘yinlarining g‘olibi ham edi. Qolaversa, Janubiy Koreya dayanlari ham Nikita uchun begona emasdi, u bu yerdan ikki marta (2014-yil, «Korea Open», kumush medal; 2014-yil, XVII Osiyo o‘yinlari, kumush medal) sovrindor bo‘lib yurtimizga qaytgandi. Ammo bu sport, ozgina xotirjamlikka berilish ham sportchini jazolaydi. Nikitaning Janubiy Koreyada yana sovrindor bo‘lishi uchun «bir qadam yetishmadi», ya’ni 74 kg.gacha vazn toifasida dayanga chiqqan taekvondochimizdan yarim finalda omad yuz o‘girdi. «Chuncheon Open»dagi to‘rtinchi ishtirokchimiz Shohruh Rajabov (+87 kg) ham aynan yarim finalda bahslarni to‘xtatdi. Sovrindor bo‘lmasa-da, sportchilarimiz Tokio Olimpiadasi yo‘lida o‘zlariga kerakli bo‘lgan qimmatli reyting ochkolarini ishlashga muvaffaq bo‘lishdi.