Mudofaa vazirligi tizimida o‘tkazilgan “Eng ilg‘or dala-o‘quv maydoni (o‘quv ob’ekti)” ko‘rik-tanlovining g‘oliblari aniqlandi

9

Mudofaa vazirligi miqyosida joriy yilning 3—27-iyun kunlari o‘tkazilgan “Eng ilg‘or dala-o‘quv maydoni (o‘quv obyekti)” ko‘rik-tanlovining yakuniy bosqichi g‘oliblari aniqlandi.
Unda barcha harbiy okrug dala-o‘quv maydonlari ob’ektlarining butligi, holati va o‘quv moddiy-texnik bazasining ishlash mexanizmi hamda qo‘shinlarni barcha turdagi jangovar tayyorgarlik tadbirlarini ta’minlay olish imkoniyatlari namoyish etildi.

Ko‘rik-tanlov jarayonida Mudofaa vazirligi qo‘shinlarida dala-o‘quv maydonlarini jihozlash bo‘yicha ijobiy tajribalarni tatbiq etgan, shuningdek, yangi o‘quv joylarini yaratish hamda harbiy okrug poligonlarida jangovar tayyorgarlik tadbirlarini monitoringini yuritish bo‘yicha zamonaviy vositalar hay’at a’zolari tomonidan baholab borildi.

“Eng ilg‘or dala-o‘quv maydoni (o‘quv ob’ekti)” ko‘rik-tanlovining o‘quv-taktik va qo‘shinlar otish maydoni, otish tiri, tank va jangovar mashinalardan otish shaharchasi, tank, BMP va BTR direktrisasi, tankodrom, avtodrom, mashinadrom, tankka qarshi boshqariluvchi raketa (PTUR) va artilleriya to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘t ochish va yopiq o‘t ochish direktrisasi pozitsiyasidan o‘t ochish kabi shartlari talablariga to‘la javob berolgan poligonlar yuqori natijalarga erishdi.

Yakuniy natijalarga ko‘ra, 3-o‘ringa Toshkent harbiy okrugining “Chirchiq” dala-o‘quv maydoni, Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrugning “Nuriston” umumqo‘shin hamda “Termiz” okrug dala-o‘quv maydonlari munosib ko‘rilgan bo‘lsa, 2-o‘rinni Markaziy harbiy okrugning “Forish” tog‘ dala-o‘quv maydoni va Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrugning “Muborak” umumqo‘shin dala-o‘quv maydoni qo‘lga kiritdi. Ko‘rik-tanlovning mutlaq g‘olibi sifatida Sharqiy harbiy okrugning “Farg‘ona” dala-o‘quv maydoni e’tirof etildi.

G‘olib va sovrindorlarga Mudofaa vazirining buyrug‘iga asosan qimmatbaho va esdalik sovg‘alari topshirildi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti