Mudofaa vazirligi tashabbusi bilan tashkil etilgan “Vatanparvarlik karvoni” bolajonlarga unutilmas onlarni “hadya” qildi

113

O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi tashabbusi bilan tashkil etilgan “Vatanparvarlik karvoni”da Mudofaa vazirligining markaziy harbiy orkestri va san’atkorlar, O‘zbekiston Qurolli Kuchlarining bir guruh faxriylari, O‘zbekiston mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Toshkent viloyati kengashi vakillari, harbiy xizmatchilar bilan hamkorlikda Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida joylashgan “Mehribonlik uylari” bolalarni sog‘lomlashtirish oromgohlarida bo‘lib, uchrashuv, suhbatlar tashkil etilib, yaratilgan sharoitlar o‘rganildi.

Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi tomonidan Toshkent shahri va Toshken viloyati “Mehribonlik uylari”da hamda imkoniyati cheklangan ko‘p tarmoqli maktab internatlarida tarbiyalanayotgan, ayni damda sog‘lomlashtirish oromgohlarida salomatligini tiklayotgan bolajonlarga mehr ulashish, murg‘ak qalblarida vatanparvarlik tuyg‘ularini uyg‘otish maqsadida tashkil etildi.

So‘zga chiqqanlar mamlakatimiz rahbariyati tomonidan yoshlarga zarur barcha sharoitlar yaratib berilayotgani, shuning uchun ham yoshlar ilm olishlari, ko‘proq kitob o‘qishlari, komil inson bo‘lib tarbiyalanishlari juda muhim ekanligini ta’kidladi.

O‘zbekiston Mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Toshkent viloyati kengashi mutaxassislari yoshlarga tashkilotning maqsad va vazifalari, faoliyat yo‘nalishlari va sportning texnik-amaliy turlari bo‘yicha faoliyat ko‘rsatayotgan sport to‘garaklari haqida ma’lumot berdi.

“Vatanparvarlik karvoni” tadbirlari qiziqarli va unutilmas onlarga boy bo‘lganligini ishtirokchilar va yoshlar e’tirof etdilar.

Ayniqsa, harbiy xizmatchilari tomonidan namoyish etilgan qo‘l jangi bo‘yicha ko‘rgazmali chiqishlar yoshlarda katta taassurot uyg‘otdi.

“Vatanparvarlik karvoni” shu kuni bir qator oromgohlarda bo‘lib, bolajonlar qalbiga unutilmas onlarni “hadya” qildi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti