Mudofaa vaziri o‘rinbosari tomonidan Jizzaxda o‘tkazilgan sayyor qabulda 209 ta murojaatdan 130 tasi joyida hal qilindi

50

O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vaziri tomonidan tasdiqlangan rejaga binoan, vazirning tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari general-mayor Azizbek Ikramov boshchiligidagi mas’ullardan iborat guruh tomonidan 10-iyul kuni Jizzax viloyatida sayyor qabul o‘tkazildi.

Harbiylar, zahiradagi ofitserlar va ularning oila a’zolari ishtirokidagi sayyor qabul avvalida ta’kidlanganidek, mamlakatimizda harbiy sohada amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar milliy armiyamiz nufuzini yanada yuksaltirish, harbiy xizmatchilarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Joylarda tashkil etilayotgan sayyor qabullar esa ana shu e’tiborning ifodasi sifatida harbiylar va ular oilalari duch kelayotgan muammolarini hal etishga qaratilgan.Tashkil etilgangan sayyor qabulda Mudofaa vazirligi markaziy apparatidan iborat ishchi guruh ofitserlar, harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolari hamda harbiy pensionerlarning mavjud muammolari, talab, taklif va ehtiyojlarini o‘rganib, ularga amaliy ko‘mak berish yuzasidan ish olib bordi. Har bir murojaat Mudofaa vazirligining tibbiy ta’minot, yuridik, kadrlar boshqarmalari, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash bo‘limi, faxriylar ishlari bo‘yicha Markaziy Kengashi, shuningdek, viloyatdagi moliya-bank muasassalari, sog‘liqni saqlash, xalq ta’limi, maktabgacha ta’lim, Bandlik bosh boshqarmalari, Oila ilmiy-tadqiqot markazi hamda tegishli idora va tashkilot mas’ul xodimlari tomonidan atroflicha o‘rganib chiqilib, ularni hal etish choralari ko‘rildi.

Sayyor qabul jarayonida harbiy xizmatchilar, ularning oila a’zolari hamda zahiraga bo‘shatilgan harbiylar va faxriylarning 209 ta murojaatidan 130 tasi joyida hal etildi. Jumladan, salomatlikni tiklash bilan bog‘liq 8 ta murojaatning 5 tasi bo‘yicha tibbiyot muasassalariga yo‘llanmalar berilgan bo‘lsa, maktabgacha ta’lim muasassasiga joylashtirish bo‘yicha tushgan 5 ta murojaatning 4 tasi joyida hal etilib, bittasi ijroga yo‘naltirildi. 8 nafar pensionerlarning bandlik bo‘yicha qilgan murojaatlari ham ijobiy yechim topdi. Qolgan murojaatlar ijroga yo‘naltirildi. Ayrim murojaatlar bo‘yicha esa huquqiy maslahatlar ham ko‘rsatildi.

Eslatib o‘tamiz, Mudofaa vaziri o‘rinbosari rahbarligidagi ishchi guruh 11—12-iyul kunlari Navoiy shahri va tumanlarida sayyor qabul o‘tkazadi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti