Xorijiy tillarni oʻrgatish masalasi muhokama qilindi

0
3486

Qurolli Kuchlar akademiyasida “Harbiy sohada chet tilini oʻqitish samaradorligini oshirishda nazariy va amaliy asoslar” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya oʻtkazildi.

Tadbir taʼlim-tarbiya jarayonini yuqori saviyada tashkillashtirish, ofitserlar tarkibini tayyorlash tizimini takomillashtirish, professor-oʻqituvchilarning uslubiy mahoratini oshirish, bilimlarini chuqurlashtirish, shuningdek, harbiy sohada chet tillarni oʻrgatishning roli va ahamiyatini oshirish, xorijiy tillarni oʻqitishdagi dolzarb muammolar va ularni hal etish yoʻllarini muhokama qilish, bu borada oʻzaro fikr almashish maqsadida tashkil qilindi. Unda respublikamizdagi oliy harbiy taʼlim muassasalarining professor-oʻqituvchilari, ilmiy-tadqiqot xodimlari, doktorantlar, Qurolli Kuchlar akademiyasida faoliyat olib borayotgan xorijlik oʻqituvchilar, talabalar hamda kursantlar ishtirok etdi.

Konferensiya davomida xorijiy tillarning oʻziga xosligi, ularni oʻrganish zarurati, ommalashtirishning ahamiyati, chet tillarini amaliy oʻrgatish metodlari kabi dolzarb mavzular boʻyicha soha mutaxassislari bilan bir qatorda talaba va kursantlarning ham maʼruzalari tinglandi. Maʼruzalarda ilgari surilgan masalalar va oʻtkazilgan taqdimotlar ishtirokchilarning qizgʻin muhokamasiga sabab boʻldi.

Taʼkidlanganidek, xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyada ilgari surilgan tavsiyalar va olingan xulosalar sohada yuzaga kelgan xato va kamchiliklarni bartaraf etishga asos boʻlib yosh avlodning bilimi va dunyoqarashini yanada kengaytirishga imkon yaratadi. Konferensiya yakunida faol ishtirokchilar taqdirlandi.

Mayor Gulnora Xojimurodova, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti