Harbiy qism va muassasalardagi Yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkiloti tomonidan amalga oshirilgan ishlar sarhisob qilindi

25

Bugun, 18-iyun kuni Mudofaa vazirligiga qarashli barcha harbiy qism va muassasalarning Yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkiloti yetakchi va yoshlari tomonidan o‘tkazilgan tadbirlarning yarim yillik hisoboti bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Unda Mudofaa vazirligi Tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bosh boshqarmasi mas’ul ofitserlari, okrug qo‘mondonligi vakillari hamda harbiy xizmatchilar ishtirok etdi.

O‘zbekiston Prezidentining tashabbusi bilan “Yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini oshirish va O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida”gi farmoni hamda Mudofaa vazirligi va O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Markaziy kengashining qo‘shma qaroriga asosan harbiy qism va muassasalarda 10 nafar boshlang‘ich tashkilot yetakchilari, 52 nafar yo‘nalish sardorlari lavozimlari joriy etilgan.

Hozirda okrug qo‘shinlarida 4 mingdan ortiq yosh harbiy xizmatchilar boshlang‘ich tashkilotga a’zo. Shuningdek, barcha harbiy qism va muassasalarda yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga qaratilgan ustuvor vazifalar belgilangan. Ayni paytda mazkur vazifalarni to‘la-to‘kis bajarish borasidagi muayyan ishlar qilinmoqda.

O‘zaro munozara, savol-javob tarzida kechgan videoselektorda kadrlar tayyorlashni sifat jihatdan yuqori bosqichga ko‘tarish masalasi atroflicha muhokama etildi. O‘zbekiston Prezidenti tomonidan ilgari surilayotgan 5 ta tashabbus yuzasidan okrug qo‘mondonlarining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosarlarining taklif va tavsiyalari tinglandi.

Yig‘ilishda harbiy qism va muassasalarda boshlang‘ich tashkilot yetakchilariga huquqiy ta’lim-tarbiya berish, umuman, huquqiy ta’lim sohasida mavjud ustuvor vazifalar ijrosini ta’minlash borasidagi ahvolni tubdan yaxshilashga doir tavsiyalar ishlab chiqildi. Tadbir yakunida yig‘ilish bo‘yicha tegishli qaror qabul qilindi.