Sharqiy harbiy okrugda inspeksiya tekshiruvi mashg‘ulotlari boshlandi

45

Bugun, 17-iyun kuni Qurolli Kuchlar Bosh shtabi tomonidan Sharqiy harbiy okrugda joylashgan Farg‘ona garnizonidagi harbiy qismlardan birida inspeksiya tekshiruvi mashg‘ulotlari boshlandi. Tekshiruvdan asosiy maqsad bo‘linmalarning jangovar shayligini tekshirishga qaratilgan.

Mashg‘ulotlarning birinchi kunida shaxsiy tarkib xamda harbiy texnikalarning jangovar shayligi tekshirildi. Unda harbiy xizmatchilarning tashqi ko‘rinishi, qurol-aslahalari, safar anjomlari, saf ko‘rigi va saf qo‘shiqlarini aytib yurishiga baho berildi.

Tekshiruvlarda harbiy qism va yurt posbonlarining jangovar tayyorgarlik holatini har tomonlama nazoratdan o‘tkazishga urg‘u berilmoqda. Farg‘ona garnizonidagi jangovar texnikalar va harbiy avtomobilalar sozligi, texnik nosozlik vujudga kelganda uni bartaraf etishda kerak bo‘ladigan zaxira asbob-anjomlari butligi ham ko‘zdan kechirildi.

Shuningdek, Farg‘ona garnizonida bo‘linmalarning jangovar tayyorgarligini tekshirish mashg‘ulotlarida harbiy xizmatchilar harbiy topografiya va jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha sinovlarni topshirishdi. Shuningdek, barcha toifadagi bo‘linma komandirlarining nazariy va amaliy bilimlarini tekshirish boshlandi.

Mashg‘ulotlarining keyingi bosqichlarida yurt qalqonlarining taktik va maxsus tayyorgarligi, ommaviy qirg‘in qurollaridan himoyalanish, guruh va o‘tochar qurollardan nishonlarga o‘q otish bo‘yicha ko‘nikmalarini sinovdan o‘tkazish rejalashtirilgan.

Mudofaa vazirligi matbuot xizmati