Yodgor Sa’diyev: «Men omadli askar bo‘lganman!»

62

O‘zbek milliy akademik drama teatri. Bu san’at koshonasi ne-ne ulug‘larga, san’at darg‘alariga maskan, sahnani hayotining mazmuni hisoblangan xoki tuproqdek ko‘ziga surtgan insonlarga qismatdir. Har gal spektakl oldidan quvonch va hayajondan hapqirib, tomoshabinni hayot manzaralariga oshufta etgan aktyorlar ham yurt himoyachilari yanglig‘ ko‘ngillarni muhofaza etuvchi, yomonliklardan ogoh qiluvchi dilposbonlaridir, aslida. Biz bugun ana shunday ulkan qalb sohibi, xalqimizning sevimli san’atkori O‘zbekiston xalq artisti Yodgor Sa’diyevning ko‘ngil kechinmalariga, o‘z haqiqatlariga quloq tutdik.

– Avvalo menga gazetangizning nomi yoqadi, – deydi Yodgor aka. – «Vatanparvar», bu nomning mas’uliyati, yuki juda katta. Harbiy xizmatchilarni Vatanni sevishga chorlab turadigan yaxshi nom. Aslida nafaqat harbiy xizmatchilar balki, har birimiz vatanparvar bo‘lishimiz kerak. Barchamiz yurt uchun qayg‘ursak, xalqimizni o‘ylasak, hayotimiz bundan-da go‘zal bo‘ladi. Bunday fidoyilikni hozir muhtaram Prezidentimiz har bir qadamida bizga ko‘rsatib turibdi. Tunu kun el uchun, uning farovonligi uchun jon kuydirayotgan Yurtboshimizga kamarbasta bo‘lsak, deyman.

https://www.youtube.com/watch?v=boiTEn_ceM8&feature=youtu.be

Men Moskvada xizmatda bo‘lganman. U paytlari o‘zbek yigitlarining aksariyati qurilish batalonlarida xizmat qilishardi. Xizmat paytim san’atkorligimdan voqif bo‘lganlaridan keyin meni harbiy qism klub boshlig‘i qilib qo‘yishgan. U yerda turli madaniy tadbirlarni uyushtirib, musofirlikda yurgan askarlarning ruhini ko‘tarishga harakat qilganman.

U vaqtda «Yalla» guruhi eng mashhur, o‘n beshta mamlakat bo‘yicha gastrollardan bo‘shamas edi. Farruh Zokirov do‘stim bo‘lganligi uchun ikki marta harbiy qismimizga kelgan. Yurtini, ota-onasini sog‘inib yurgan askarlar uchun bu katta sovg‘a bo‘lgan edi. Lekin men omadli askar bo‘lganman. Ya’ni yaxshi xizmatim tufayli 3 yil emas 9 oy xizmatdan keyin javob berishgan. Teatrda ijro etadigan rolim bor edi, shoshilinch ortga qaytganman. Mustaqil O‘zbekiston armiyasiga, albatta, havas bilan qaraymiz. O‘z yurtida, o‘z hududini himoya qilayotgan yigitlarga hozir harbiy qismlarda juda yaxshi sharoitlar yaratilgan. Hech kim kamsitmaydi, bir yilning ichida harbiy soha bo‘yicha yetarlicha bilimga ega bo‘lib qaytishadi. Bizga u paytlarda harbiy bilimlar berilmasdi. Yoshlar bugungi kunning qadriga yetishi kerak.

Sahnada, kinoda juda ko‘p obrazlar yaratdim. Maqsud Shayxzodaning «Mirzo Ulug‘bek» asarida Farangiston elchisi rolini ijro etgan bo‘lsam, Pirimqul Qodirovning «Yulduzli tunlar»ida Bobur Mirzo rolini ijro etish nasib etdi. Bu men uchun baxt edi, albatta. Boburning o‘rta yosh davrini, shu bilan birga hayotining eng murakkab pallasini ijro etish oson emasdi. Umri jangu jadallar, sarsongarchiliklar ichra kechgan shohning orzu-armonlarini, maqsad va pushaymonlarini ochib berish katta kuch talab qilardi. Hozir ham xalqimiz shu rolni yaxshi eslashadi, demak men Bobur bo‘la olibman. Ayni paytda rejissyorlarimiz tomonidan tarixiy asarlar suratga olinmoqda, sahnalashtirilmoqda. Takliflar ko‘p, biroq rolni juda qattiq tanlayman. Ayniqsa, tarixiy siymolar obrazini yaratishda o‘zimga nisbatan juda talabchanman. Shu bilan birga, ayni paytda olinayotgan tarixiy va hujjatli filmlarga o‘ta sinchkovlik, chuqur bilim va malaka bilan yondashuv tarafdoriman.

Xalqimiz bilan uchrashuvlarda bo‘lamiz. Ular Asadbek obrazi haqida ko‘p savollar berishadi. O‘zbekiston xalq yozuvchisi Tohir Malikning «Shaytanat» asaridagi bosh qahramon Asadbek roli garchi salbiy obraz bo‘lsada, xalqimiz uni yomon ko‘rmaydi. Chunki bu insonda mardlik, ojizlarni o‘ylash, ularga g‘amxo‘rlik qilish, el-ulusni qo‘llash hislatlari bor. Qolaversa, mash’um qatag‘on yillarida aybsiz qamalgan otasi, nochorlikdan vafot etgan onasi va ukasining alami yosh Asadbek qalbida musht bo‘lib tugilib, zamonga nisbatan o‘ch ahdi-paymonga aylanadi va bu musht to yurt mustaqil bo‘lib, o‘z erkiga ega bo‘lgunicha yozilmaydi. Asadbek yoshlarimizni jinoyat ko‘chasining oxiri nima bilan tugashidan, dunyoda razil kimsalarning tuzog‘i ko‘pligidan ogoh etadi. Xudo hoxlasa, yaqinda serialning yana bir yangi qismini tayyorladik. Nasib etsa, uni kinosaroy va teleekranlarda namoyish etish niyatimiz bor.

Prezidentimiz san’at va madaniyat xodimlari bilan uchrashuvida biz ijodkorlar oldiga katta maqsad va vazifalarni qo‘ydi. Demak, hali qiladigan ishlarimiz mo‘l. Niyatim «Qalqon» studiyasini tiklamoqchiman. Millatimiz tarixini ko‘rsatib beradigan, yoshlarimizning ruhini o‘stiruvchi kinoasarlar yaratish orzusidaman.