“Namunali harbiylar oilasi” ko‘rik tanlovining respublika bosqichi g‘oliblari aniqlandi

94

Bugun, 16-iyun kuni Qarshi shahrida joylashgan viloyat musiqali drama teatrida “Namunali harbiylar oilasi” ko‘rik tanlovining respublika bosqichi bo‘lib o‘tdi.

Unda Mudofaa vazirligi tasarrufidagi harbiy okruglar va harbiy qo‘shilmalardan kelgan jami 9 nafar harbiy xizmatchining oilasi turli shartlar bo‘yicha o‘zaro bellashdi.

Ko‘rik-tanlovda quyidagi 5 ta shart bo‘yicha bahslashildi:
• Mustahkam oila – jamiyat tayanchi;
• Ota – oila ustuni;
• Ona – mohir yaratuvchi;
• Farzandim – dilbandim;
• Tezkor savol-javob.

Tanlov ishtirokchilarini Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi rahbari Feruza Akramova boshliq hay’at a’zolari baholab bordi.

Mazkur tanlovni o‘tkazishdan maqsad – harbiy xizmatchilar oilalaridagi ma’naviy-axloqiy muhitni mustahkamlash va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etishning samarali mexanizmlarini yaratish, yoshlarni katta hayotga tayyorlash, oilaviy ajralishlarning oldini olish bo‘yicha bir qator vazifalardan iborat.

Yakuniy natijlarga ko‘ra, Toshkent harbiy okrugidan kelgan kapitan Akbar Azimovning oilasi g‘olib deya topildi. Ikkinchi o‘rin esa shartnoma bo‘yicha harbiy xizmatchi oddiy askar Rasulbek Sobirovning oilasiga nasib etdi.

Kuchli uchlikka Toifalangan obyektlarni qo‘riqlash qo‘shinlari qo‘mondonligi vakili katta serjant Farhod Quvondiqovning oilasi yakun yasadi.

G‘olib va ishtirokchilar Mudofaa vazirligi tomonidan diplom va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.

Mudofaa vazirligi matbuot xizmati