Farg‘onada sayyor qabul: Hal qilingan muammolar soni rekord darajaga yetdi

18

Mudofaa vazirining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari general-mayor Azizbek Ikramov boshchiligidagi sayyor qabul guruhining Sharqiy harbiy okrugdagi xalq bilan muloqotlari qizg‘in sur’atda davom etmoqda.

Farg‘ona garnizonida joylashgan Ma’naviyat va ma’rifat markazida bo‘lib o‘tgan sayyor qabul davomida bir necha yildan beri qator tashkilot va idoralar eshigida sarsonu sargardon bo‘lsa-da, mushkuli oson bo‘lmay kelayotgan aksariyat harbiy xizmatchilar, ularning oila a’zolari, nafaqadagi harbiylar hamda ko‘plab yurtdoshlarimizning murojaatlari o‘rganilib, muammolari o‘z vaqtida hal etildi.

Zahiradagi mayor Akmal Azamjonov 2011-yilda xizmat shartnomasi tugaganligi va o‘sha paytdagi oilaviy sharoitlarining mushkulligi tufayli xizmatni davom ettira olmagan va zahiraga bo‘shatilgan. Shundan so‘ng, u yetti yildan beri qayta shartnoma tuzish uchun sarson bo‘lib kelmoqda: viloyat mudofaa ishlari boshqarmasida tibbiy ko‘riklardan o‘tib, shartnoma bo‘yicha harbiy xizmatga chaqirilish uchun zarur bo‘ladigan barcha hujjatlarni jamlagan bo‘lsa ham, goh jismoniy imtihonlarga ma’lum mone’liklar uchun kiritilmas, jarayonning navbatdagi bosqichlariga o‘ta olmay kelayotgan edi.

Sayyor qabul davomida uning og‘iri yengil bo‘ldi:
– Ishonasizmi, bu masala bo‘yicha hatto Prezident portaliga ham uch marotaba yozma murojaat qildim, – deydi A.Azamjonov. – Doim hal qiluvchi paytlarda ishim paysalga solinar, muhim ma’lumotnomalarni ololmasdim va mas’ul mutasaddilar bu qog‘ozlarning yo‘qligini pesh qilishar edi. Faqat ushbu sayyor qabulga kelibgina ko‘nglim xotirjam bo‘ldi. Murojatim bo‘yicha aniq javoblar oldim. Bu ishni shaxsan Sharqiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni nazoratlariga oladigan bo‘ldilar hamda qisqa fursat ichida ijobiy hal etilishi ta’kidlandi.

Shuningdek, qabulda Farg‘ona viloyatidagi davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ham aksariyat murojaatlarga ijobiy yechim topdi.

Kapitan Ilhom Ahmedovning rafiqasi Zarina Ahmedovaning ham quvonchi cheksiz. Chunki u Farg‘ona viloyati xalq ta’limi boshqarmasi vakillari ko‘magi bilan yangi 2019/2020 o‘quv yillaridan boshlab, Farg‘ona shahrida joylashgan kollejlarning birida oziq-ovqat texnologi sifatida o‘qituvchilik qiladigan bo‘ldi.

Turli muammolar bilan sayyor qabul guruhiga murojaat etgan yoshu qarining moddiy va ma’naviy ehtiyojlari qanoatlantiildi. Uysiz uyli, ishsiz ishli, sog‘lig‘i yomonlashgan salomatligini tiklaydigan bo‘ldi.

Sayyor qabul davomida Farg‘ona viloyati bo‘yicha jami – 308 ta murojaat o‘rganilib, yakuniy natijalarga ko‘ra ularning 60,7 foizdan ortiq murojaat joyida ijobiy hal etildi. 39,3 foizga yaqin masalalarni vazirlik va tashkilotlar bilan hamkorlikda bir oy muddatda hal etish belgilab olindi.