Mudofaa vaziri o‘rinbosari ishtirokidagi sayyor qabullar davomida ko‘plab insonlar muaommosi ijobiy hal bo‘lmoqda

57

Mudofaa vaziri tomonidan tasdiqlangan rejaga binoan, vazirning tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari general-mayor Azizbek Ikramov boshchiligidagi mas’ullardan iborat guruh Sharqiy harbiy okrugning Andijon garnizonida joylashgan teatrda sayyor qabul o‘tkazdi.

Unda Mudofaa vazirligi markaziy apparatidan iborat ishchi guruh barobarida okrug qo‘mondonligi mas’ul ofitserlari harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolari hamda harbiy pensionerlarning mavjud muammolari, talab, taklif va ehtiyojlarini o‘rganib, ularga amaliy ko‘mak berish yuzasidan ish olib bordi.Turfa murojaatlar bilan kelayotgan yurtdoshlarimizning mushkulini oson qilish maqsadida sayyor qabul guruhi jadal sur’atda ish boshladi. Ayniqsa, 2002 yilda xizmat vazifasini bajarish chog‘ida bir oyog‘idan judo bo‘lgan serjant Azizbek Qurbonovning yil davomida shifokorlar ko‘rigidan o‘tib turishi, zarur muolajalar va malakali tibbiy xizmatdan foydalanishi ta’minlandi.
– Sayyor qabulda qatnashib, bizga ko‘rsatilgan e’tibordan mamnun bo‘ldik, – deydi A.Qurbonovning rafiqasi Xurshida Qurbonova. –Xo‘jayinim, nihoyatda irodali inson. U ayni damda – talaba. Andijon davlat universiteti tarix fakultetining 1-bosqichini tamomlamoqda. Vazir o‘rinbosari xo‘jayinimning tarixga qiziqishini inobatga olib, dars jarayonlarida foydalanishi uchun so‘nggi rusumli rangli printer sovg‘a qilishlarini aytdilar. Biz bundan nihoyatda xursand bo‘ldik.

Tibbiy xizmat, bandlik, imtiyozli kredit olish, xususiy tadbirkorlik, shartnoma bo‘yicha harbiy xizmatga chaqirilish, uy-joy, muhim sabablarga ko‘ra xizmat joyini o‘zgartirish kabi turli murojaatlar ijobiy hal etildi.

1999 yilda uy-joy bilan ta’minlangan zahiradagi podpolkovnik asakalik Xalidin Sotvoldiyevning yillar davomida bahsli bo‘lib, o‘z yechimini topolmayotgan muammosi aynan mazkur sayyor qabul davomida hal bo‘ldi.

– Turmush o‘rtog‘im ham harbiy xizmatchi edi. Biz Toshkentda yashardik va u bilan 2010 yilda ajrashdik, – deydi X.Sotvoldiyev. – Ikkimiz ham harbiy xizmatchi bo‘lganimiz tufayli bizga tegishli qonunga ko‘ra bitta uy berilgan edi. Shu uy 2015 yilda majmuaviy turar joy qurilishi rejasiga binoan buziladigan bo‘ldi. Men, tabiiyki, uy buzilish paytida vodiyda edim. Sobiq rafiqam bu haqda meni ogohlantirmay, boshqa uyga ko‘chgan va hujatlarni o‘z nomiga rasmiylashtirgan. So‘ngra davlatimiz tomonidan menga ham uy berilishi mumkinligini aniqlab, bu masala bo‘yicha yillar davomida eshiklarda sarg‘aydim. Hech naf chiqmadi. Axiyri, mana bugun Vazirimiz o‘rinbosari o‘zlari sayyor qabul tashkil etdilar, shu yerda ishim hal bo‘ldi. Menga bir xonali uy beriladigan bo‘ldi. Bundan boshim osmonda. Mudofaa vazirligining ko‘rsatgan bu g‘amxo‘rligini unutmayman.

Mazkur murojaat bo‘yicha Sharqiy harbiy okrugi boshqaruv apparati yuridik bo‘limi boshlig‘i, Adliya mayori Nigmatjon Komilov masalaning qay tartibda hal bo‘lishiga oydinlik kiritdi:
– Zahiradagi podpolkovnik Xalidin Sotvoldiyevga uy-joy olishi uchun bizga tegishli hujjatlarni taqdim etishi haqida to‘liq ma’lumot berildi. Unga Namangan viloyatining Chortoq tumanidan bir xonali uy ajratiladi.

Sayyor qabul ishchi guruhi bilan birgalikda Andijon viloyatining davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ham yurtdoshlarimiz murojaatini tinglab, qator muammolari bartaraf qildi.