Okrug miqyosidagi taktik harakatlar davom etmoqda (fotoreportaj)

114

11-iyun kuni O‘zbekiston Qurolli Kuchlari Bosh shtabi tomonidan Toshkent harbiy okrugi qo‘shinlari yuqori darajadagi jangovar shaylikka keltirilgan edi. Bugun, okrug miqyosidagi taktik harakatlar O‘zbekiston Qurolli Kuchlari kuch tuzilmalari bilan hamkorlikda davom etmoqda.

Toshkent harbiy okrugining “Chirchiq” va “Angren” poligonlarida, shuningdek, Bekobod va Olmaliq kabi chegaraoldi hududlarida olib borilayotgan taktik harakatlarda Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari, Ichki ishlar va Favqulodda vaziyatlar vazirliklari hamda Milliy gvardiya Toshkent shahri, Sirdaryo va Toshkent viloyatlaridagi hududiy boshqarma va bo‘linmalari ham ishtirok etmoqda.

Hamkorlikda olib borilayotgan mashg‘ulotlar davomida “Angren” umumqo‘shin tog‘ poligonida harbiy xizmatchilar zirhli texniklarda otish tayyorgarligi bo‘yicha amaliy tajriba va ko‘nikmalarini oshirmoqda. Bunda harbiy xizmatchilarning belgilangan vazifani me’yorga asosan o‘z vaqtida bajarishlariga katta e’tibor qaratilmoqda.

Shuningdek, harbiy xizmatchilar mutaxassisliklari bo‘yicha nazorat sinov mashg‘ulotlarini topshirishdi.