Jasorat sohibining umri mangudir

0
2933

Kimki oʻz umrini Vatan xizmatiga bogʻlagan boʻlsa, u mangu yashashni uddalabdi. Surxondaryo viloyatining Termiz shahrida joylashgan 24-sonli umumtaʼlim maktabi darvozasidan bilim olish uchun har kuni mingga yaqin oʻgʻil-qiz kirib-chiqadi. Ular har gal shubhasiz, bir qahramon byustiga bir koʻz tashlab oʻtadilar.

Oradan 20 yildan oshiq vaqt oʻtdiki, bu tuproqda marhum serjant Muhiddin Eshtemirovni tanimagan odamning oʻzi yoʻq. “Mard oʻgʻlonlar nomi barhayot” nomli kitobda qahramon haqida shunday yoziladi:

– U Surxondaryo viloyatining Termiz tumanida tugʻilgan. 1992-yilda Termiz davlat universitetining Tarix fakultetini tamomlagan. 2001-yil may oyidan Mudofaa vazirligiga qarashli harbiy qismda shartnoma asosida xizmat qila boshlagan.

2001-yil 14-iyulda Sariosiyo tumanining togʻli hududlarida olib borilgan jangovar harakatlarda qahramonlarcha halok boʻlgan.

Qahramonimiz davlatimiz tomonidan “Jasorat” medali bilan taqdirlangan.”

Bugun serjant Muhiddin Eshtemirov tahsil olgan 24-sonli umumtaʼlim maktabida Termiz garnizoni harbiy xizmatchilari, viloyat mudofaa ishlar boshqarmasi vakillari, qahramonning onasi Manzura aya Dillayeva va bir guruh mahalla faollari jam boʻlishdi.

Darvoqe, Prezidentimizning joriy yilning 19-yanvaridagi “Mahallalarda yoshlar bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi hamda “Yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash va yoshlar masalalari boʻyicha idoralararo hamkorlikni taʼminlashga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorlari ijrosi yuzasidan ushbu taʼlim muassasasi Termiz garnizoniga qarashli harbiy qismga biriktirilgan boʻlib, qahramon tahsil olgan sinf “Vatanparvarlik xonasi”ga aylantirildi. Shuningdek, bugungi kunda mahalla, koʻcha nomi Muhiddin Eshtemirov nomi bilan atalib, maktab hovlisida unga atab byust oʻrnatilgan.

Oʻquvchilar va faollar ishtirokidagi xotira tadbiri chin maʼnoda jasorat darsiga aylanib ketdi. Bu maktabda qahramon akasining izidan borib, harbiy xizmatchi boʻlishni maqsad qilgan oʻnlab bolajonlar yetishib kelayotgani barchani quvontirdi.

Qahramon byusti va “Vatanparvarlik xonasi” shunday joyki, bu muhitdagi har qanday kishi oʻzligini, yurtga boʻlgan burchini teran anglaydi, yuragida shijoat uygʻonadi.

– Inson yuz yoshga kirsa ham unutilishi mumkin, ammo kam boʻlsa-da, Vatani uchun jon berib yashagan odamni asrlar ham unuttira olmaydi. Oʻgʻlim 26 yoshida qahramon boʻldi, barchaning tiliga tushdi, yurtiga, oilasiga buyuk shon-sharaf keltirdi, – deydi marhum Muhiddin Eshtemirovning onasi Manzura aya Dillayeva. – Har qanday ona uchun qahramon oʻgʻilning volidasi boʻlish ulkan baxt. Men bu qismatimga, oʻgʻlimga bergan oq sutimga mingdan ming roziman…

Haq gap. Aslida bu maktab allaqachon yoshlarning ibrat va jasorat manziliga aylanishga ulgurgan. Bir qahramon mardligidan ruhlanib bu yerdan qanchadan qancha chempionlar, oʻz sohasining mutaxassislari chiqmadi deysiz! Bu gurillagan olov hali koʻplab dillarda oʻt chaqnatadi, ziyo ulashadi, munavvarlik baxsh etadi.

Katta leytenant Bobur ELMURODOV, Bahrom Abdurahimov olgan suratlar. Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti