Fidjida 6 ta oltin medalni qo‘lga kiritgan harbiy sportchilar Toshkent aeroportida kutib olindi

57

Kecha, 11-iyun kuni Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida og‘ir atletika bo‘yicha Fidji poytaxti Suvada o‘tkazilgan Jahon chempionatida muvaffaqiyatli ishtirok etgan harbiy sportchilar tantanali ravishda kutib olindi.

1—8-iyun kunlari Fidjida yoshlar o‘rtasida og‘ir altetika bo‘yicha Jahon chempionati bo‘lib o‘tdi. Ushbu musobaqada terma jamoamiz 2 sportchi bilan ishtirok etib, 100 foizlik natijani qayd etdi. Musobaqada Mudofaa vazirligi sport klubi a’zosi Adhamjon Ergashev (-67 kg) hamda Akbar Jo‘raev (-109 kg) dast, siltab ko‘tarish, shuningdek, ikki kurash bo‘yicha ham barcha oltin medallarni o‘z hisoblariga yozdirib, jahon chempionatida jami 6 ta oltin medalga sazovor bo‘lishdi.

Ta’kidlash kerakki, musobaqa yakuni bo‘yicha erkaklar o‘rtasida umumjamoa hisobida O‘zbekiston terma jamoasi birinchi o‘rinni egalladi.

Qahramonlarni kutib olish marosimida Mudofaa vazirligi sport klubi rahbariyati, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi vakillari hamda sportchilarning yaqinlari ishtirok etdi.

Mudofaa vazirligi harbiy orkestri sadolari ostida kutib olingan sportchilar jahon arenalarida ko‘rsatgan yuksak natijalariga bilan muborakbod etildi.

Mudofaa vazirligi matbuot xizmati