Yoshlar uchun to‘garaklar, ish bilan ta’minlash, kompyuter savodxonligi. Mudofaa vazirligi qo‘shinlarida beshta tashabbus doirasida amalga oshirilgan ishlar

37

Davlatimiz rahbari tomonidan ijtimoiy, ma’naviy-ma’rifiy sohadagi ishlarni yangi tizim asosida yo‘lga qo‘yish maqsadida ilgari surilgan besh tashabbusni hayotga tadbiq etish borasida Mudofaa vazirligi tomonidan ham tizimli ishlar olib borilmoqda.

Poytaxtimizdagi “Anhor-Lokomotiv” istirohat bog‘ida tashkil etilgan tadbirda vazirlik sport klubi a’zolari tomonidan ko‘rgazmali chiqishlar namoyish etildi. Sport bo‘yicha Jahon va Osiyo chempionlari tomonidan o‘tkazilgan mahorat darslari bog‘ga kelgan yurtdoshlarimizda katta qiziqish uyg‘otdi.

Qurolli Kuchlar Markaziy ashula va raqs ansamli hamda harbiy orkestr jamoalari tinchlikni, hurlikni, sevgi sadoqatni madh etuvchi kuy qo‘shiqlar ijro etib, yig‘ilganlar kayfiyatining yanada ko‘tarilishiga sababchi bo‘ldi.

Oliy harbiy ta’lim muassasalari kursantlari, harbiy xizmatchilar tomonidan jangovar mashqlar aks etgan ko‘rgazmali chiqishlari yoshlarda harbiy vatanparvarlik tuyg‘ularini yanada oshirgani shubhasiz.

Hozirda Mudofaa vazirligi harbiy qism va muassasalarida beshta muhim tashabbus doirasida sport, musiqa to‘garaklari faoliyati yo‘lga qo‘yildi. 100 ga yaqin kitobxonlik tadbirlari o‘tkazildi.

Harbiy xizmatchilarning oilalarini ish bilan ta’minlash, ularni tadbirkorlikka keng jalb etish maqsadida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, 200 ga yaqin harbiylarning oilalari yangi ish joylariga ega bo‘ldi. Andijon, Farg‘ona va Namangan viloyatlarida joylashgan harbiy qismlarda tashkil etilgan kompyuter, sport va musiqa to‘garaklarida 400 ga yaqin o‘g‘il-qizlar qamrab olingan. Andijon garnizonida faoliyati yo‘lga qo‘yilgan tikuv sexi 10 ga yaqin harbiy xizmatchilarning oilalari bandligini ta’minladi.

Mudofaa vazirligi tizimida olib borilayotgan ishlar yurtimiz kelajagi bo‘lgan o‘g‘il-qizlarning ham ma’nan, ham jismonan kamol topishlariga xizmat qilmoqda.

Mudofaa vazirligi matbuot xizmati