Termiz garnizonida qo‘shinlarning maxsus harakatlariga bag‘ishlangan harbiy-ilmiy anjuman bo‘lib o‘tdi

6

Kecha, 10-iyun kuni Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrugining Termiz garnizonida “Qo‘shinlarning maxsus harakatlari” mavzusida ko‘rgazmali batalon taktik o‘quvlarining ochilishiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.

JG‘MHO qo‘mondonligi rahbarligida nazariy va amaliy qismlardan iborat bosqichlarda o‘tkazilayotgan o‘quv bugun Termiz shahridagi Yoshlar markazida “Batalon taktik o‘quviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish” nomli harbiy-ilmiy anjuman bilan boshlandi.

Unda okrug tasarrufidagi harbiy qism va muassasalarning komandir va boshliqlari hamda ularning o‘rinbosarlari, DXX chegara qo‘shinlari, IIV, FVV va Milliy gvardiyaning hududiy boshqarma va bo‘linmalari, shuningdek, O‘zbekiston Qurolli Kuchlar akademiyasi professor-o‘qituvchilari ishtirok etdi.

Bugun dunyoning ayrim mintaqalarida qurolli to‘qnashuvlar davom etib, tahlikali vaziyat saqlanib qolayotgani, paydo bo‘lishi mumkin bo‘lgan tahdid va xatarlarni bartaraf etishga, ularga qaqshatqich zarba berishga qodir bo‘linmalarni tayyorlash, qo‘shinlar jangovar shayligini oshirish hamda ularning o‘zaro hamkorlikda harakatlanish ko‘nikmasini mustahkamlash o‘quvning asosiy maqsadi etib belgilangan.

Ishtirokchilar e’tiboriga anjuman davomida dunyo va mintaqadagi harbiy-siyosiy vaziyat, taktik o‘quvlarni tashkil etishda qo‘yiladigan talablar, jumladan, zarur hujjatlarni ishlab chiqish, jalb etiladigan kuch va vositalar, harbiy texnika va qurol-aslahalar, qo‘riqlash va ta’minotni tashkil etish, aloqa va boshqa kuch tuzilmalari bilan hamkorlik, shuningdek, xorijiy davlatlarning harbiy sohada to‘plagan tajribalari qiyosiy tahliliga oid ma’lumotlar yo‘llandi.

Anjuman yakunida Termiz garnizoni Madaniyat markazi hamda mahalliy san’atkorlar tomonidan tayyorlangan konsert dasturi namoyish etildi.

Mudofaa vazirligi matbuot xizmati